DONIYOR SHAHARCHA YOSHLARI BILAN HAMKOR, HAMQADAM

Туман янгиликлари

Har qanday davlatning kelajagi yosh avlod ta’lim-tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Chunki yoshlar ertagi kun egalaridir.

Mamlakatimizda shu boisdan ham o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviyatli, ma’rifatli, yurt koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazishga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bu boradagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishga asos bo‘layotir.

Qarorga muvofiq har bir ovul, mahalla, shaharchada faoliyat boshlagan yoshlar yetakchilari o‘z hududida yoshlar siyosatini samarali amalga oshirmoqda. Ular “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, bu haqdagi  ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali”ga kiritib boradi.

Yoshlar yetakchilariga yoshlar orasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘yish, tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj yoshlarni “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” loyihasi orqali va boshqada ta’sir choralari orqali tarbiyalash hamda jamiyatga faol aralashuviga erishish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida kitobxonlikka, san’atga, axborot-texnologiyalarini puxta egallashga, kasb-hunar o‘rganishga keng jalb etishdek mas’uliyatli vazifalar yuklangan.

Tumanimizning Qipchoq shaharchasi yoshlar yetakchisi Doniyor Vaisov ushbu lavozimga tayinlanganidan beri o‘z xizmat vazifasini sidqidildan ado etishga harakat qilayapti. Hududda 502 xonadonda 2606 nafar aholi istiqomat qiladi. Shularning 718 nafarini 14-30 yoshdagilar tashkil etadi.

Shaharcha fuqarolar yig‘ini mas’ullari bilan birgalikda o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, 2022 yil boshida 21 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Shaharcha yoshlar yetakchisi  tavsiyasiga ko‘ra, ularga zarur yordamlar ko‘rsatildi va daftardan chiqarildi. Ularning 6 nafariga imtiyozli foizlarda kredit ajratildi va o‘z-o‘zini band qilishiga erishildi, 1 nafari ishga joylashtirildi, 4 nafar oliygoh talabalarining to‘lov shartnoma pullari to‘lab berildi, 2 nafariga haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘quv badali, 1 nafarining safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilish badali, ikki nafarining zamonaviy kasbga o‘qish badali to‘lab berildi, 4 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi, 1 nafarining davolanish xarajatlari qoplab berildi.

Joriy yilda ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning intellektual salohiyatli bo‘lib voyaga yetishiga ko‘maklashish maqsadida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab qator tadbirlar o‘tkazdi. Umuman, shaharcha yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maqsadli o‘tkazishlari uchun turli milliy sport o‘yinlari, yoshlar festivallari va boshqada madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bunda yoshlar yetakchisiga faol yoshlar, hududdagi umumiy o‘rta ta’lim, maktabgacha ta’lim tashkilotlari yosh kadrlari yaqin hamkor, ko‘makchi bo‘lishayapti. Ijtimoiy og‘ir ahvolga tushib qolgan, ma’naviy ko‘makka muhtoj yoshlar bilan ishlashishda esa “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasida hududdagi ulkan hayotiy tajribaga ega pir-u badavlat onaxonlar, otaxonlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik samarali natijalar berayapti.

Quvonarlisi, shaharcha yoshlari qiziquvchan, intiluvchan, barchasining ham o‘z hayotiy rejalari, orzulari bor. Yetakchi Doniyor Vaisov ular bilan doimo hamnafas, hamqadam.

Sevara Ismoilova