Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 57-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 21 yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 57-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani tuman hokimi — Kengash raisi Sultonboy Yo‘ldoshev ochdi va olib bordi.

Sessiyada deputatlar, sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kotibligiga 11-O‘rta qala saylov okrugidan deputat Hamro Xo‘jayev saylandi.

Sessiyada dastlab Amudaryo tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar tomonidan 2022 yil davomida bajarilgan ishlar va 2023 yilning birinchi yarim yilligi uchun “Yo‘l haritalari”ni tasdiqlash to‘g‘risida sektor rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Tuman hokimi, 1-sektor rahbari Sultonboy Yo‘ldashev tomonidan qayd etilganidek, 1-sektor hududida “Temir daftar”ga kiritilgan 597ta oilaning 587tasi, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 592 nafar yoshlarning 578 nafariga amaliy yordamlar ko‘rsatilib, daftarlardan chiqarildi. Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 933 nafar ayol-qizlarning doimiy daromad manbalari yaratildi. Sektor hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 30,7 mlrd. so‘mlik 26 ta loyihalar ishga tushirilib, 132 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Sessiya ishida tuman prokurori o‘rinbosari Po‘lat Bekniyazov 2-sektorda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi. Hisobotda ta’kidlanganidek, joriy 2023 yilda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2-sektor hududida umumiy qiymati 1 mlrd 981 mln. so‘mlik 3 ta loyihalar amalga oshirilishi natijasida mahalla va ovullardagi mavjud muammolarni bartaraf etish rejalashtirilgan. Hisobotda shu va boshqa yo‘nalishdagi ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i – 3-sektor rahbari Jamaladdin Yusupov hisobot berdi. Ta’kidlanganidek, 2022 yil davomida 3-sektor tomonidan 42 ta sayyor qabul o‘tkazilib, ikki marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilgan. Shuningdek, “Temir daftar”dagi 790 nafar, “Ayollar daftari”dagi 960 nafar, “Yoshlar daftari”dagi 596 nafar yoshlarning barchasiga turli yordamlar ko‘rsatilib, daftarlardan chiqarilgan.

4-sektor rahbari − tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seyitov ham kun tartibidagi masala yuzasidan hisobot berdi. Hisobotda qayd etilishicha, 3-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 610 nafar xotin-qizlarning barchasiga turli yordamlar ko‘rsatilib, daftardan chiqarilgan. Shundan, uy-joyga muhtoj 13 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 6 nafari mahalliy budjet va homiylar yordami hisobidan uy-joy bilan ta’minlangan.

Sessiyada tuman Xalq qabulxonasi, sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning hisoboti tinglandi. Hisobotda qayd etib o‘tilganidek, 2022 yil davomida Xalq qabulxonasiga fuqarolar tomonidan 2677 ta murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning 2345 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 1830 tasi ijobiy hal qilingan.

Tumanda jamoat xavfsizligini ta’minlash natijalari, hududda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sabablari va kelgusida ularning oldini olish masalasi bo‘yicha Amudaryo tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Sharapat Joldasbayev sessiyada hisobot berdi.

Hisobotda aytib o‘tilganidek, 2022 yil davomida tumanda profilaktika inspektorlari tomonidan jami 4750 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, shulardan 811 tasi ayollarga, 3939 tasi erkaklarga nisbatan tuzilgan va 127 tasiga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘basi rahbari Jahongir Xolmurodovning axborot tinglandi. Axborotda keltirilishicha, tumanda “Mehr daftari” elektron platformasiga jami 38 ta yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kiritilib, yashash sharoitlari, muammo va qiziqishlari o‘rganib chiqilgan hamda 12 ta chin va ijtimoiy yetim bolalarning muammolarini hal etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijrosi to‘liq ta’minlangan.

Shundan keyin sessiyada budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida “Tashabbusli budjet” jarayonining 2022 yil 4-chorak yakunlari yuzasidan tuman Moliya bo‘limi mudiri Ulug‘bek Bekniyazovning hisoboti tinglandi. Ta’kidlanganidek, 2023 yil 1 yanvar holatiga “Tashabbusli budjet” jarayonining ikkinchi mavsumida jami 6 taklif bo‘yicha pudratchi tashkilotlar tomonidan 3 mlrd. 607 mln 700 ming so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan.

“Tashabbusli budjet” jarayonining ikkinchi mavsumida g‘olib bo‘lgan takliflarda asosan ichki yo‘llarga asfalt qoplamasini yotqizish ko‘zda tutilgani va havo haroratining keskin pasayib ketishi sababli qurilish-ta’mirlash ishlari vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Sessiyada tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvanovning ham hisoboti tinglandi. Hisobotda qayd etib o‘tilganidek, tumanda mavjud jami umumiy maydoni 212,5 gektar, shundan ekin maydonlari 199,1 gektar bo‘lgan uchastkalar “e-auksion” elektron platformasiga qo‘yilmoqda. Deputatlar mazkur yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tayyorlangan loyihalarni ko‘rib chiqib, tasdiqladilar.

Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.