Tadbirkorlarga soliq qonunchiligidagi asosiy o‘zgarishlar tushuntirilmoqda

Туман янгиликлари

Soliqlar − har qanday mamlakat iqtisodiyoti shakllanishining asosiy manbasi, davlat va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim vositasi hisoblanadi.

2023 yil 20 yanvar kuni Amudaryo tumani Davlat Soliq inspeksiyasi binosida tadbirkorlar uchun seminar tashkil etildi. Seminarda Davlat Soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil uchun “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni hamda 2023 yil “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlari keng tarzda tushuntirildi.

Qayd etib o‘tilganidek, mazkur qonunchilik hujjatlari bilan Soliq kodeksining amaldagi 52 moddasiga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritildi hamda yangi 2 ta modda bilan to‘ldirildi.

Seminarda qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, aksiz solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 2023 yil 1 yanvardan boshlab soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, soliq hisobotini taqdim etish muddatlari o‘zgarmaydi. Soliq stavkasi esa 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi. Qoplanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirildi.

Shuningdek, aksiz solig‘i bo‘yicha qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda aksiz solig‘i aksiz to‘lanadigan mahsulot tarkibidagi etil spirtining ulushidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Bunda ishlab chiqariladigan alkogol mahsulotining o‘lchov birligi “litr” deb belgilandi. 2023 yil 1 fevraldan neft mahsulotlari hamda ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilindi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqlarning stavkalari, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi o‘zgarmaganligi aytib o‘tildi.

Seminar davomida tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni ham tushuntirib o‘tildi.

Farmonga muvofiq tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratildi. 4-toifaga kiritilgan Amudaryo tumanida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yer solig‘i bo‘yicha eng kam qiymatlarga 0,3, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad solig‘i 0,5 gacha kamaytiruvchi koeffitsent kiritish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari uchun 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda ijtimoiy soliq 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida belgilandi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilandi.

Bunda yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarga mazkur bandda belgilanayotgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Seminarda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishi javoblar oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati