Axborot-kutubxona markazi kitobxonlar xizmatida

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va ahloqli yoshlar − kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, ularni mafkura maydonining turli hurujlaridan himoya qilishga ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qiluvchi ko‘plab tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, 23 yanvar kuni yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Amudaryo tumani Axborot-kutubxona markaziga 55-sonli maktab o‘quvchilari ishtirokida ekskursiya uyushtirildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish tug‘risida”gi qarori qabul qilingin edi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida 2019 yilda Axborot-kutubxona markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Kutubxonining eski binosi tuman Madaniyat bo‘limi markazi binosida joylashgan edi. Amudaryo tumani hokimligining 2022 yil 16 dekabr kungi qaroriga asosan axborot-kutubxona markazi uchun Oybek mahallasi hududidan yangi bino ajratildi.

Yangi binoda kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bu yerdan ular istalgan turdagi badiiy va ilmiy adabiyotlarni qiynalmay topish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

55-sonli umuta’lim maktabi o‘quvchilari kutubxona faoliyatini ko‘zdan kechirish barobarida kutubxonaga yangidan olib kelingan badiiy adabiyotlar bilan tanishishdi.

Aytish kerakki, bugungi kunda yoshlarning adabiyotlarga bo‘lgan talabi juda yuqori. Ilim olishni istagan har bir kitobxon ilmiy yoki badiiy adabiyot bo‘lishidan qat’iy nazar izlagan kitobini Axborot-kutubxona markazidan tezda topa oladi. Shu sababdan ham bo‘lsa kerak, kutubxona foydalanuvchilari kundan kunga ko‘paymoqda.

Amudaryo tumani aholisining 28 foizini yoshlar tashkil etadi. Axborot-kutubxona markazi faoliyatidan foydalanuvchi kitobxonlar esa 13 ming 643 nafarni tashkil qiladi.

Kutubxona fondini yanada boyitish maqsadida mehnat faxriylari, yozuvchi va jurnalistlar o‘z kitoblarini sovg‘a qilib, adabiyotlarning yanada ko‘payishiga o‘z hissalarini ko‘shib kelishmoqda.

Hozirga kunda Axborot-kutubxona markazining umumiy fondi 19 ming 421 nomdagi 64 ming 41 nusxa kitobdan iborat bo‘lib, shundan badiiy adabiyotlar 45 ming 966 nusxani, fan sohalariga oid kitoblar 17 ming 773 nusxani, gazeta, jurnal va elektron kitoblar esa 302 nusxani tashkil etadi.

Muhtaram Prezidentimiz “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”, – deb ta’kidlagan edilar.

Darhaqiqat, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovlar, ijodiy kechalar, turli xil aksiyalar ziyrak kitobxonlarni kashf etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

 F.Eshimbetova.