XITOY OVULIDA UCH AVLOD VAKILLARI UCHRASHISHDI

Туман янгиликлари

Xitoy ovulida bir piyola choy ustida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.

2023 yil 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi.

El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi.

Tadbirda tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi a’zosi, 2-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, shoir va yozuvchi Tursunboy Abdullayev, faol nuroniy, shoir Farhod Avezov, ko‘p yillar qishloq xo‘jaligi va mahalla tizimida mehnat qilgan mahalla faoli Kamol O‘rozboyev, ko‘p yillar tibbiyot sohasida ishlagan shifokorlar Tojiboy hoji Bozorboyev va O‘g‘iljon Yo‘ldosheva, mahalla faollari Sapargul Xo‘janiyozova, Roza Polvonova, mahalla yoshlar yetakchisi G‘ayrat Sobirovlar so‘zga chiqib,  yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘zladi. Shuningdek, yosh avlodning  kelajakda el-yurt koriga yaraydigan vatanparvar, fidoyi insonlar bo‘lib yetishishga intilishlari lozimligini ta’kidlashdi.

San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar va raqslar tadbir ishtirokchilarining kayfiyatini ko‘tarib, maroqli dam olishiga xizmat qildi. Tadbirda 23 nafar nuroniylar, 6 nafar tashkilot rahbarlari va 35 nafar yoshlar ishtirok etdilar.

E.Nurmonov, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mutaxassisi.