DARYOBO‘YI MAHALLASIDA HOKIM VA YOSHLAR UCHRASHUVI SAMIMIY MULOQOT TARZIDA O‘TDI

Туман янгиликлари

Bugungi yoshlar – mamlakat iqtisodiyoti, siyosiy-ma’naviy, ijtimoiy va madaniy hayotining ertangi kungi qudratli lokomativlaridir. Bu haqda Prezidentimiz har galgi uchrashuvlarida ham faxr, ham ishonch bilan ta’kidlashlari bejiz emas. Shu bois, mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari, o‘z qobiliyat va iqtidorlarini amalda namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlar, imkoniyatlar yaratilgan.

Mamlakat rahbaridan tortib, quyi bo‘g‘in rahbarlarigacha yoshlar hayotiga oid muammolarni o‘rganish, mavjud muammolarni joylariga chiqqan holda ijobiy hal etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan yoshlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari samimiy muloqot maydoniga aylanmoqda.

Joriy yilning 2 fevral sanasida bo‘lib o‘tgan Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev bilan Daryobo‘yi mahallasi yoshlarining uchrashuvi ham shaffoflik, oshkorolik va samimiy muloqot ruhida o‘tdi.

Hokim va yoshlar uchrashuvida Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman hokimning sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Yoshlar agentligi mutaxassislari, Daryobo‘yi mahalla fuqarolar yig‘ini hamda hududdagi idora va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari hamda yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev mamlakatimizda, shu jumladan tumanimizda yoshlarning intillektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish orqali ish bilan bandligini ta’minlash, «bir nuroniyga o‘n yosh» tamoyili asosida yoshlar hayotiga doir muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida to‘xtalib, Arna bo‘yi mahallasi hududida istiqomat qiluvchi yoshlar orasidan yetishib chiqayotgan tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, nufuzli oliy ta’lim dargohlari talabalari haqida faxrlanib so‘z yuritdi.

Hokim yoshlar bilan uchrashuv davomida hududdagi muammoli yoshlarning murojaatlari bilan yaqindan tanishib, ular bilan samimiy muloqotda bo‘ldi. Xususan, 1995 yilda tug‘ilgan Sirojiddin Ametov o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida ekanligini bildirib, buning uchun imtiyozli kredit mablag‘i olishda yordam so‘rab murojaat qildi. Uning murojaati joyida o‘rganilib, mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisining ko‘magi bilan amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, 2002 yilda tug‘ilgan Ruslan Alimboyevning murojaati ham ijobiy yechim topdi. OTM talabasi bo‘lgan Ruslan Alimboyevga to‘lov-shartnoma bo‘yicha mablag‘ining bir qismini to‘lab berishda amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Mahallada istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan Islom O‘rozboyevning toza ichimlik suvi inshooti joylashgan hududdan ancha olisda yashashini, shu bois, oila a’zolarining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishida muammo borligini, bu masalada yordamga muhtoj ekanligini bildirib qilgan murojaati ham tuman hokimining topshirig‘i va mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisining amaliy yordami bilan suvni tozalash uskunasi olib berish orqali ijobiy hal etildi.

Daryobo‘yi mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan hokim va yoshlar uchrashuvi davomida mahalla yoshlari mamlakatimizda, xususan, tumanimizda ham yoshlar hayotiga oid muammoli masalalar doimiy nazoratga olinib, ijobiy yechim topayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.