FIDOYI XOTIN-QIZLAR FAOLI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ovul va mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilib, hududlarda xotin-qizlar hayotiga oid muammolarni joyiga chiqqan holda tizimli hal qilish imkoniyati yaratildi.

Amudaryo tumanining Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inida ushbu lavozimda Saylixon Muratboyeva faoliyat olib boradi. Saylixon o‘z faoliyatini xonadonma-xonadon yurib, hudud xotin-qizlarining turmush tarzi, turli yosh toifasidagi ayollarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganishdan boshladi.

Choyko‘l ovulida 1091 ta xonadon tarkibidagi 1122 ta oilada 6945 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 3473 nafari ayol-qizlar bo‘lib, 30 yoshdan oshgan ayollar 1551 nafarni tashkil etadi.

Xotin-qizlar hayotiga oid ijtimoiy muammolarni o‘rganish jarayonida Saylixon avvalo 10 yoshgacha va 100 yoshdan oshgan keksa onaxonlar ro‘yxatini shakllantirib, turli bayram sanalari munosabati bilan aynan ana shu toifadagi nuroniylar holidan xabar olish, ularning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida “Ayol – hamisha e’zozda” musiqiy tadbiri, shuningdek, “Keksalar – xonadonlarimiz farishtalari”, “Qari bilganni pari bilmas” mavzularida hududdagi maktablar o‘quvchilari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 107 nafar ayol-qizlar “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritildi. 6 ta yo‘nalish bo‘yicha mazkur daftar ro‘yxatiga kiritilgan ayollarning muammolarini o‘rganishda hokim yordamchisi va OFY raisi bilan hamkorlikda reja ishlab chiqilib, ushbu rejaga muvofiq 1-toifa daftardagi 68 nafar ayol-qizning ish bilan bandligi ta’minlandi. Ularning ayrimlari ijaraga yer olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqda, 6 nafari Amu Briket MCHJga mavsumiy ishga, 1 nafari tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasiga hamshira sifatida, 8 nafar ayol-qiz jamoatchilik ishlariga joylashtirildi. 13 nafar ayol-qizlar esa tikuvchilik, oshpazlik, hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitildi. 2 nafar ayol subsidiya asosida issiqxona xo‘jaligini yuritishni yo‘lga qo‘ydi va bir nafar ayolga tikuv mashinasi olib berildi.

Ikkinchi toifadagi ro‘yxatga olingan 10 nafar ayol-qizlarning ham muammolari xotin-qizlar faolining xonadonma-xonadon kirib borib, muammolarni o‘rganishi natijasida ijobiy hal etildi. Ularning tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorliklarini boshlashlari uchun har biriga 3 mln. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari olishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi. 1 nafar ayolga esa motokultivator olishda ko‘maklashildi.

Shuningdek, hududdagi 39 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayol-qizlar Saylixon Muratboyevaning doimiy nazoratida. Ularga turli homiylik yordamlari hamda tuman hokimligining tashabbusi bilan kundalik oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan ayol-qizlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy himoyaga, mehr-oqibatga muhtoj ayollar hayotini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli Mohimjon To‘raboyevaga tuman hokimligi tomonidan bo‘sh turgan binoning bir xonasi ajratib berilib, farzandi MTTga bepul joylashtirildi. 2 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol Xiva va Urganch shaharlariga sayohatga yuborildi. Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan 16 nafar ayol-qizlar holidan tez-tez xabar olinib, homiylik yordamlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Ovul hududida istiqomat qiluvchi homilador va chaqalog‘i bor ayollar va ularning farzandlari salomatligi 1-sonli oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan doimiy nazoratga olingani bois, onalar va bolalar o‘rtasida mavsumiy kasalliklarga chalinish holatlari keskin kamayib bormoqda.

Ehtiyojmand oilalar va ularning farzandlari holatini o‘rganish jarayonida Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarori asosida 10 nafar ayol-qizlarga OTMlarda o‘qishi uchun tavsiyanomalar berildi. Shuningdek, 5 yillik mehnat stajiga ega lekin o‘z faoliyati sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 3 nafar ayol-qizlarning davlat OTMlarida o‘qib, oliy ma’lumot olishlari uchun sharoit yaratilib, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tavsiyanomalar olishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xotin-qizlar faolining hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi bilan hamkorligi tufayli ehtiyojmand oilalar farzandlaridan 8 nafarining o‘qish uchun to‘lov-shartnoma mablag‘i, safarbarlik chaqiruv rezervidagi 6 nafar yoshning to‘lov badali, 3 nafar yoshning haydovchilik guvohnomasi olish maqsadidagi o‘qishi uchun to‘lov badallari to‘lab berildi.

Saylixon Muratboyevaning har bir ish kuni xalq orasida, xalq bilan muloqotlarda o‘tadi. Hududdagi maktablarda, “Os”, “Choqcha”, “Shayx qal’a”, “Chorvador”, “Qoraqipchoq”, “Shog‘ol ovul” kabi mahallalarda tez-tez bo‘lib, pir-u badavlat otaxon va onaxonlar ishtirokida “Oila - muqaddas dargoh”, “Ma’naviyat – oiladan boshlanadi”, “Milliy qadriyatlar va urf-odatlar buvijonlar talqinida”, “Sarishtali uy – farishtali uy”, “Ayol – hamisha e’zozda” mavzularida davra suhbatlari, uch avlod vakillarining uchrashuvlarini tashkil etadi. Bu tadbirlarning har biriga kamida 100-120 nafar ayol-qizlar qamrab olinib, ovul onaxonlari yoshlar bilan milliy-ma’naviy qadriyatlarning yoshlar hayotidagi ahamiyati xususida dildan suhbat qilishadi.

Choyko‘l madaniyat markazi xodimlari, yoshlar yetakchisi bilan Saylixon Muratboyevaning hamkorligi esa ovul yoshlarining ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarida muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, hamkorlikdagi “Namunali qaynona”, “Namunali kelin” ko‘rik-tanlovlari, “Ayol – hamisha e’zozda” “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzularidagi adabiy-musiqiy tadbirlardan ovul ahli, ayniqsa yoshlar olam-olam zavq oladilar. Keksa avlod vakillari esa o‘zlariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibordan, ehtiromdan mamnun.

Xotin-qizlar faoli Saylixon Muratboyeva esa har bir ish kunini avvaldan belgilangan rejalariga muvofiq deyarli har kunini xonadonma-xonadon kirib, ayol-qizlarning hayotiga oid muammolarini joyida o‘rganish, imkoni bo‘lsa, tez va ijobiy hal etish maqsadida xalq orasida o‘tkazadi. Xalq orasida kechadigan ish kunlari Saylixon uchun haqiqiy mehnat onlarini baxsh etadi. Bu mehnat onlarida elim, yurtim, degan fidoyi ayolning ovuldoshlariga nisbatan mehri, muhabbati mujassam. Zero, xalqim, deb xalqiga intilganlarni xalqi ham e’zozlaydi. Saylixon ana shunday fidoyi xotin-qizlar faoli.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.