NAZARXON OVULIDA HOKIM VA YOSHLAR UCHRASHUVI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Shu kunlarda Amudaryo tumani hokimi tegishli mas’ullari bilan birgalikda chekka hududlarga ham tashrif buyurib, yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan bunday muloqotlar anchadan beri yechilmay kelinayotgan juda ko‘p masalalarni hal etishda muhim o‘rin tutmoqda.

Nazarxon ovulida bo‘lib o‘tgan ana shunday uchrashuvda ham tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullari hamda fuqarolar yig‘ini mas’ullari, hududdagi korxona-tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi. Uchrashuvda tuman hokimi bugungi kunda yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning komil insonlar, kelajakning munosib egalari bo‘lib voyaga yetishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘zladi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda davlat rahbarining tashabbusi va ko‘magi bilan yoshlar siyosati bo‘yicha 6 ta qonun, 15 ta farmoni, 15 ta qaror va 2 ta farmoyish qabul qilindi, shuningdek hukumatning 39 dan ortiq qarori va 4 ta farmoyishi imzolandi. Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Qonunchilik palatasi huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Yoshlar bilan ishlash to‘rt bosqichda: mahalla – tuman – viloyat – respublika darajasida yaxlit vertikal boshqaruv tizimi asosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, respublikaning barcha mahallalarida faoliyatini boshlagan Yoshlar yetakchilari ish olib borib, yoshlarning muammolari joyida hal etilishiga yaqindan yordam berishmoqda.

Uchrashuvda shu xususda so‘z yuritilib, Nazarxon ovulida faoliyat olib borayotgan fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi. Hudud yoshlar yetakchisi yoshlarning o‘z o‘zini band etish, tadbirkorlikni tashkil etishiga, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida bank kreditini olish kabilarga ko‘maklashish borasidagi amaliy ishlar xususida gapirib o‘tdi.

Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda nazarxonlik yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tashvishga solayotgan muammolari yuzasidan tuman hokimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishdi. Hudud yoshlari asosan, ish bilan ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilish, oilaviy biznes, o‘z tadbirkorligini boshlash jarayonida bank kredit mablag‘lari rasmiylashtirilishida yuzaga kelayotgan muammolar, mavjud tadbirkorligini kengaytirishda amaliy yordam va boshqa shu kabi masalalar yuzasidan o‘z murojaatlarini bayon etdi. Muloqot jarayonida nazarxonlik yoshlarning hududda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi takliflari ham tinglandi.

Nazarxon ovuli yoshlaridan Gulruh Yuldashboyeva tikuvchilik kasbiga o‘qib olishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Otabek Aytjanov esa safarbarlik chaqiruv rezervi badalini to‘lig‘i bilan qoplab berishda yordam so‘radi. Sultonbek Muratboyevga esa murojaatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirishi uchun to‘lov kontrakt summasining bir qismini qoplab berishda ko‘maklashiladigan bo‘ldi.

Qolgan o‘rganishga vaqt va mablag‘ talab etgan masalalar xususida esa mutasaddi tashkilot rahbarlariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ushbu murojaatlar ijrosini tuman hokimi shaxsan o‘z nazoratiga olishini alohida ta’kidladi.

O.Xudoyberganova.