Intensiv bog‘larni yanada ko‘paytirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Keyingi yillarda mamlakatimizda yangi bog‘lar tashkil etishda intensiv, tez hosilga kiruvchi pakana va yarim pakana payvandtaglarga ulangan mevali daraxt ko‘chatlari ekilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amudaryo tumanida jami 971,7 gektar maydonda mevali bog‘lar mavjud bo‘lib, shundan 563,3 gektar maydondagisi oldindan mavjud bog‘lardir. So‘nggi yillarda fermer xo‘jaliklari va aholi tomonidan bog‘ yaratish ishlari yuqori sur’atda o‘sishi natijasida tumanning 408,4 gektar maydonida yangi bog‘lar tashkil etilishiga erishildi. Galdagi vazifa – mahalliy bog‘lardan intensiv bog‘ yaratishga o‘tishdir.

16 fevral kuni tuman hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan seminar ham ayni shu masalaga bag‘ishlandi.

Seminarda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman hokimining qishloq va suv ho‘jaligi masalalari bo‘yichi o‘rinbosari Murod Yerjanov, “BENE FRUITS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Aydin Lal, jamiyatning ish boshqaruvchisi Azamat Qurbonov hamda tuman Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari Kengashi a’zolari hamda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminarda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev intensiv bog‘larning sonini ko‘paytirish lozimligini, mazkur turdagi bog‘larning afzalligini yig‘ilganlarga batafsil tushuntirib o‘tdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Murod Yerjanov joriy 2023 yilning bahor-kuz oylarida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida jami 200 gektar maydonlarga mevali bog‘ hamda 20 gektar maydonda yangidan uzumzorlar tashkil etish maqsadida 167 ming dona mevali va 24,5 ming dona uzum ko‘chatlarini ekish rejalashtirilganligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Xorazm viloyatidagi “BENE FRUITS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Aydin Lal invintro laboratoriyalarida yetishtirilayotgan intensiv ko‘chatlarni tanlash va ekish bo‘yicha bog‘bonlar hamda fermerlarga tafsiyalar berib o‘tdi.

Qayd etib o‘tilganidek, intensiv bog‘larda daraxtlarning tanasi kichik bo‘lganligi uchun ular bilan ishlash juda qulay. Ya’ni, ularni sug‘orish, kesish, shakl berish, mevalarini terish bog‘bonga aslo qiyinchilik tug‘dirmaydi. Yana bunday bog‘larda daraxt tanasiga yorug‘lik tushishi, havo aylanishi yaxshi bo‘lganligi uchun mevasining sifati yuqori bo‘ladi.

Ta’kidlanganidek, oddiy olmali bog‘ning bir gektaridan 10-20 tonnagacha hosil yetishtirish mumkin. Pakana va yarim pakana daraxtlardan esa 50-80 tonnagacha hosil olsa bo‘ladi. Intensiv bog‘larda asosan olma ko‘chatlari ekilishining boisi olma daraxtining ko‘chatlari tez hosilga kiradi, gektariga ko‘chat soni qalin ekilishi sababli hosildorlik yuqori bo‘ladi. Bunda ekilayotgan olma navlari payvandtagga payvand qilinib, ko‘chatzorlarda ko‘paytirilib, ekiladi.

Intensiv mevali bog‘larda ekilayotgan olma ko‘chatlarining asosiy navlari Davlat reyestriga kiritilgan “Golden”, “Delishes”, “Starkrimson”, “Renet”, Simirenko” va boshqalardir.

Shu o‘rinda aytish lozimki, intensiv bog‘lar ko‘payib, hosildorligi yildan-yilga ortib borayotgani aholini yil davomida sarxil mevalar bilan ta’minlash imkonini beradi. Qolaversa, tadbirkorlar va fermerlar mevani qayta ishlab, ulardan sharbatlar, murabbolar tayyorlab, xalqimiz dasturxoniga yetkazib bermoqda.

Yunusbek Otajonov, tuman bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi rahbari