Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 58-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 24 fevral kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 58-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani tuman hokimi — Kengash raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Sessiyada deputatlar, sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kotibligiga 3-Boyovul saylov okrugidan deputat Aybek
Begimov saylandi.

Deputatlar dastlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan 2022 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sud raisi Qayrulla Atamuratovning axborotini tingladi.

Qayd etib o‘tilganidek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi tomonidan 2022 yil davomida 2788ta ish ko‘rib tamomlangan. Tamomlangan ishlarning 2122tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan bo‘lib, shundan 1988ta ish bo‘yicha da’vo arizalar qanoatlantirilgan va 134ta ish bo‘yicha da’vo arizalar rad etilgan. 666ta ish bo‘yicha esa ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, 39ta holatda ish yuritishdan tugatilgan, 627ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan.

Sessiyada Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham sud raisi Asqar Safarovning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, sud tomonidan jinoiy va ma’muriy ishlarni sifatli ko‘rib chiqish va aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2022 yil davomida jami ko‘rib tamomlangan 124 ta jinoyat ishidan 28 tasi sayyor sud majlisida ko‘rilgan.

Sessiya kun tartibida xatlov o‘tkazish orqali aniqlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni 4-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritish bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburovaning hisoboti tinglandi.

Hisobotda aytib o‘tilganidek, sektor rahbarlarining taklifiga ko‘ra, 4-bosqich “Ayollar daftari”ga jami 5 398 nafar xotin-qizlar kiritilishi rejalashtirilgan.

Mazkur masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshlig‘i Maryam Axmedova o‘zining taklif hamda fikrlarini bildirdi. Ta’kidlanganidek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilishi zarur. Bunda tegishli korxona-tashkilotlar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda ish olib borib, har oyda bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilib borishi va bunda albatta ushbu ish o‘rinlariga “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar joylashtirilishi lozimligini ta’kidladi.

Sessiya ishida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish to‘g‘risida tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning axboroti tinglandi.

Axborotda keltirilishicha, hokim yordamchilari tomonidan 2023 yil uchun rejadagi 47 189ta xonadondan 31 yanvarga qadar 6 097ta xonadonlar xatlovdan o‘tkazilgan.

Sessiya davomida Ekologiya va atrof muxitni muxofaza qilish bo‘limining birinchi darajali inspektori G‘ayrat Iskandarovning Amudaryo tumanida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.

 Keltirib o‘tilganidek, 2022 yil davomida ekologik nazorat reyd tadbirlari davomida jami 200 ta huquqbuzarliklar aniqlanib, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga 211,7 mln so‘m miqdorda jarimalar qo‘llanilgan.

Sessiya kun tartibida Amudaryo tumani maxalliy budjeti mablag‘larining 2022 yil davomida sarflanishi to‘g‘risida tuman Moliya bo‘limi mudiri Ulug‘bek Bekniyazovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Amudaryo tumani mahalliy budjetning 2022 yil davomida daromadlar qismi rejasi 81,5 mlrd so‘mga belgilangan bo‘lib, xaqiqatda 85,2 mlrd so‘mga, ya’ni 104,6 foizga – rejaga nisbatan 3 mlrd 718,8 ming so‘mga ortig‘i bilan bajarilishiga erishilgan. Mahalliy budjet va uning ortiqcha bajarilgan qismi mablag‘lari belgilangan tartiblarga asosan sarflangan.

Sessiya kun tartibida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining tumandagi ijrosi yuzasidan tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvanovning hisoboti tinglandi.

Keltirib o‘tilganidek, tuman hokimligining zaxira yer fondidan umumiy maydoni 483,5 gektar, shundan ekin maydonlarini 452,6 gektar bo‘lgan yerlar e-auksion elektron savdo plaformasi orqali auksionga qo‘yishga tayyorlangan. Deputatlar mazkur ekin maydonlarini ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tayyorlangan loyihalarni ko‘rib chiqib, tasdiqladilar.

Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.