"Jonajon yurtim farovonligiga hissa qo‘shaman” shiori ostida barcha ovul va mahallalarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlandi

Туман янгиликлари

Obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi. Zotan, ozodalik, poklik, saranjom va sarishtalik yurtimizning yanada ko‘rkam bo‘lishiga zamin yaratadi. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi tashabbusi bilan “Jonajon yurtim farovonligiga hissa qo‘shaman” shiori ostida Amudaryo tumanining barcha ovul va mahallalarida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in boshlab yuborildi.

Jumladan, 25 fevral kuni tumanning Olmazor mahallasida bo‘lib o‘tgan hashar ham yosh avlod qalbida milliy an’analarimizni qadrlashga, muqaddas qadriyatlarimizni mustahkamlashga xizmat qildi.

Darhaqiqat, hashar — necha ming yillar mobaynida odamlarning boshini qovushtirib, ularni insonparvarlik, saxovatpeshalik, saranjom-sarishtalik kabi ezgu amallarga chorlaydi. Ushbu qadriyatning yana bir e’tiborli jihati shundaki, u insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalari, hamjihatlik, ayniqsa, yoshlar qalbida mahalla-ko‘yga, ona-Vatanga muhabbat, daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.

Olmazor mahallasida bo‘lib o‘tgan hasharda yoshlar, o‘rta yoshli aka-opalar, hamda buvi va buvijonlar faol ishtirok etishdi.

Ular erta tongdan ko‘chalarini, hovlilari atrofini, guzar va hiyobonlarni, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirishdi. Shu bilan birga daraxtlarni oqlab, ularga shakl berdilar. Hasharda ariq bo‘ylariga, avtomobil yo‘llari yoqalariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ekilgan har bir niholni yaxshi parvarish qilish, uning kelajakda mevali daraxt bo‘lib bo‘y cho‘zishi uchun ularning har biriga bir nafar yosh biriktirildi.

Hashardan so‘ng ishtirokchilarga issiq ovqat tortildi. Mahalladagi yoshi ulug‘ onaxonlar, yosh kelinchaklar doshqozonda sumalak qaynatishdi. Ular sumalak atrofida yurtimizga tinchlik, omonlik, totuvlik, qut-baraka tilashdi.

Bu kabi hasharlar tumanning barcha hududida bo‘lib o‘tdi.

Farovon mahallasida bo‘lib o‘tgan hashardan so‘ng, mahallaning “Yakkatut” va “Kimyogarlar” kuchasida bahorning ilk taomi – sumalak qaynatildi. Doshqazon atrofida yig‘ilgan barcha yoshi ulug‘ onaxonlar, qiz, kelinchaklar dilidagi bor ezgu niyatlarini aytib sumalak uchun kerakli bo‘lgan masalliqlarni solishdi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, sumalak qaynatish momomlarimizdan me’ros bo‘lib qolgan azaliy qadriyatimiz. Uning tayyorlanish tarixi haqida qo‘plab rivoyatlar tarqalgan.

Shulardan biri: dehqon olib qo‘ygan oxirgi donini tezroq ekish uchun yaxshi niyatlar bilan oldinroq ivitib qo‘yadi. Lekin birdan ob-havo buziladi. Bug‘doy idishda nish urib o‘sa boshlaydi, ob-havo yaxshilanavermaydi. Dehqon oila a’zolari och turgan paytda bug‘doyni butunlay nobud qilmaslik choralarini izlay boshlaydi. U tavakkal qilib nish urgan va ancha bo‘y ko‘targan donni qiymalaydi va xotiniga bundan taom pishirishni buyuradi. Uy bekasi uni uzoq vaqt qaynatadi. Qarangki, oqko‘ngil dehqonning niyati xolis chiqadi. Undan hidi yoqimli, o‘zi to‘yimli, mazasi esa tanovul qilgan kishining uzoq vakt esida qoladigan darajadagi shirin taom hosil bo‘ladi. Bu taom borgan sari xalq o‘rtasida keng tarqalib, bahorning eng lazzatli taomiga aylanadi.

Bu kabi tadbirlar jumladan, hashar hamda sumalak qaynatish marosimi tumanning Do‘stlik mahallasida ham bo‘lib o‘tdi.

Hashar davomida erta tongdan turib ko‘chalarni supurib-sidirib, tevarak- atrofga suv sepib, har xil gullar ekish har bir xonadonga chiroy bag‘ishlashi aytib o‘tildi. Bu borada yoshlarga ugit va nasihatlar berildi.

Milliy urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan milliy taomning tayyorlanishi har yildagidanda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Sumalak qaynatish jarayonida uning foydali xususiyatlari aytib o‘tildi. Shuningdek, doshqazon atrofida onaxonlar, qiz-juvonlar, jajji bolajonlar raqsga tushib, go‘zal qo‘shiqlar hirgoyi qilishdi.

Darhaqiqat, sumalak lazzatli taom bo‘lish bilan birga darmondori hamdir. Uning tarkibida inson organizimi uchun zarur bo‘lgan barcha oqsil va uglevodlar jamlangan.

Erta tongdan doshqozonda qaynayotgan ivitilgan bug‘doyni shu holga keltirguncha ancha mehnat talab qilindi. Bu galgi sumalakni ham Do‘stlik mahallasidagi buvijonlar hamjihatlik va og‘izbirchilikda tayyorlashdi.

Sumalak atrofida yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishi, yurtimiz kundan-kunga rivojlanishi kabi ezgu tilaklar aytilib, bolalarning sho‘x-shadon kulgulari yangradi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.

Туман ҳокимлигининг Ахборот хизмати.