Xarajat kam, daromad esa yuqori

Туман янгиликлари

Parrandachilik – daromadli, shu bilan birga anchayin nozik soha. Parrandalar nafaqat go‘shti, tuxumi, balki pati uchun ham boqiladi. Bu soha hozirga kelib chorvachilikdagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Buning sababi – parranda boqish katta xarajat talab qilmaydi, saqlash inshootlari ham juda oddiy.

Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy yetakchi davlatlarda ham parrandachilikka katta e’tibor qaratiladi. Chunki, aynan parrandachilik aholini go‘sht, umuman, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi, shuningdek, aholini ish bilan band bo‘lishiga hissa qo‘shadi.

Amudaryo tumanining Beshtom mahallasi hududida joylashgan “O‘rta qal’a chorvadori” agrofirmasida parrandachilikning go‘sht yo‘nalishi bo‘yicha 40 mingta jo‘ja yetishtirilmoqda.

Firma rahbari G‘ulomjon Rasulovning takidlashicha, O‘zbekistonda parranda go‘shti va tuxumga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lib, mazkur soha bilan shug‘ullanish uchun tumanning o‘zida barcha sharoitlar mavjud.

– Otam Erkin Rasulovning yo‘l-yo‘riqlari va ko‘rsatmalari bilan 2020 yilda 3 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, ushbu agrofirmani ochdim. Dastlab, ish faoliyatimizni 10 ming jo‘ja boqishdan boshlaganmiz. O‘sha vaqtda qo‘l ostimda 3 nafar ishchi bor edi. Hozir esa 12 nafar ishchimiz bor, deydi tadbirkor G‘ulomjon Rasulov.

Jo‘jalar Toshkent va Guliston shaharlaridan olib kelinadi. Ular 28-30 kun davomida boqilib, sof vazni 1 kg 800 gr va 2 kg bo‘lgandan keyin shu yerning o‘zida so‘yilib, tozalanadi va do‘konlarga tarqatiladi.

Jo‘jalarni boqish jarayoni 3 davrga bo‘linadi. Birinchi davr – kunlik tiklanish davri, ikkinchi davr – o‘sish davri va uchinchi davr – yetilish davri. Eng oxirgi 10 kunlikda jo‘jalar so‘yish uchun tayyor holatga keladi deydi.

Tadbirkor uy sharoitida parranda yetishtirish va undan foyda olish sirlari, yuqori kaloriyali ozuqa tarkibi, parranda yetishtirishda e’tibor berish kerak bo‘lgan asosiy jihatlar haqida ovuldoshlariga ham kerakli ma’lumotlar berib boradi.

Uning aytishicha, parranda uchun baxor va yoz fasli g‘oyat qulay sharoit hisoblanadi. Jonivorlar ana shu faslda tez voyaga yetib, kuz oylarida tuxum bera boshlaydi. Sog‘lom parranda yetishtirish va undan ko‘plab tuxum olish uchun parvarishga faqat sog‘lom, tirik vazni 35-40 gramm bo‘lgan, harakatchan, oyog‘ida mustahkam turuvchi, yaxshi patli va qanotlari gavdasiga mustahkam qisilgan jo‘jalar tanlanadi. Bu bilan esa go‘shti va tuxumi uchun boqiladigan parrandalarni baravariga yetishtirish imkoni bo‘ladi.

O‘ylaymizki mehnatkash tadbirkorning parrandachilik sohasidagi faoliyati ushbu sohaga qiziqqan insonlar uchun foydali bo‘ladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.