MAHALLALAR KO‘CHALARI OBODONLASHTIRILIB, AHOLIGA QULAYLIK YARATILMOQDA

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, yashash sharoitlarini yaxshilash, eng chekka hududlar aholisi uchun ham munosib va sifatli turmush tarzini shakllantirish, xalqimizning o‘z hayotidan rozi yashashlari uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli qurilish-obodonlashtirish ishlari ovul va mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Mazkur Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumani hududidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumanda ushbu maqsadlar uchun 25 mlrd. 595 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, jami 26 ta obyektda, jumladan 20 ta mahallada ichki yo‘llarni ta’mirlash, 2 ta mahallada suv inshootlarini rekonstruksiya qilish, 2 ta mahalla uchun ma’muriy bino barpo etish, 1 ta mahallada bolalar sport maydonchasini yangidan qurish, 1 ta mahallada elektr tarmoqlarini tortish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Ovul va mahallalarni obodonlashtirish maqsadida ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 20 ta ovul va mahallalar hududidagi umumiy qiymati 11 mlrd. 267 mln. so‘mlik 55,2 km. uzunlikdagi ichki yo‘llarni ta’mirlash, shundan 51,5 km. qismiga shag‘al-tosh yotqizish, 1,6 km. qismiga asfalt qoplamasini va 2,1 km. uzunlikdagi ko‘chalarga tosh-shag‘al aralashmasi qoplamasini yotqizish ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, ayni paytda, rejalashtirilgan jami obyektlarda 350 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, tumandagi Namuna, Qumyop mahallalari, Qipchoq shaharchasi, Do‘stlik, Xizr eli, Yuqori qishloq, Jumurovul, Daryobo‘yi, Arna bo‘yi, Gulzor, A.Navoiy nomli mahallalar hamda O‘rta qal’a ovul fuqarolar yig‘ini hududlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan qurilish-ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan belgilangan rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Mang‘it shahrining Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham mavjud muammolarni bartaraf etish, mahalla infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari belgilangan reja asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mahalla ko‘chalarida tiklash-ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishiga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Mahalla hududida qiymati 334,3 mln. so‘mlik bolalar sport maydonchasini yangidan qurish, shuningdek, 2,7 metr uzunlikdagi ko‘chalarda tiklash- ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, ayni paytda hudud ko‘chalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlarini “Taxiatosh yo‘llardan muntazam foydalanish” idorasi yo‘l quruvchilari amalga oshirishmoqda.

Mahalla hududidagi “Iqbol” va “Sho‘rchi” ko‘chalarining 2,7 metr qismiga shag‘al-tosh yotqizish, asfaltlash ishlarida mazkur idoraning yo‘l quruvchi-texnik ustasi Amanbek Arisov, avtogreyderchi Joldasbay Habiballuyev va katok agregatini Bayram Berdimuratovlar ko‘chalarning sifatli ta’mirlanishida fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda. Chunki yo‘l va ko‘chalarning obodligi ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholi uchun qulay va obod manzillar barpo etishdagi birinchi muhim vazifa ekanligini yo‘l quruvchi-ustalar juda yaxshi bilishadi. Mahalla ahli esa qor-yomg‘irli kunlarda noqulaylik tug‘dirayotgan ko‘chalar tekis va ravon, obodonlashib borayotganidan mamnun.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.