Ehtiyotsizlik oqibatida...

Туман янгиликлари

Biz uchun berilgan bebaho ne’mat hisoblanmish hayotimizga avvalo, o‘zimiz javobgarmiz. Ozgina e’tiborsizlik yoki ehtiyotsizlik oqibatida hayotimiz katta xavf ostida qolishi mumkin.

Amudaryo tumanining Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi oilaning hayoti ham aynan e’tiborsizlik oqibatida xavf ostida qoldi.

2023 yil 18 fevral kuni Yangibod mahallasida istiqomat qiluvchi er-xotinning uyiga yaqin qarindoshlari hamda turmushga chiqqan qizi 2 nafar farzandi bilan mehmonga kelishadi.

Kechki payt mehmonlarga ovqat pishirish taraddudi ko‘riladi. Lekin, gaz bosimi me’yyoridan pastligi sababli xonadon egalari suyultirilgan gaz balonidan foydalanadilar. Ammo, ovqat pishgandan so‘ng, ular gaz balonining jo‘mragini mahkam yopishni unutishadi. Kechki ovqatdan keyin mehmonlar uy-uylariga tarqalishadi.

Oilaning mehmonga kelgan qizi ertasi kuni ertalab turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, farzandlari tinmay yig‘layotganini hamda tezda kelib uyiga olib ketishini iltimos qiladi. Turmush o‘rtog‘i kirakashlik qilish uchun ketayotgan ukasiga yangasini va jiyanlarini olib kelishini topshiradi.

Qayin uka soat 7:40lar atrofida yangasining uyiga boradi. U eshikni ochgan paytida yangasining dadasi, arang yurib kelayotganini, onasi va farzandlari karaxt holatda devorga suyangancha o‘tirganiga guvoh bo‘ladi. Bundan qattiq qo‘rqib ketgan qayin uka tezda uyiga qaytib, akasiga qaynotasining mast ekanligini, yangasini olib kelishi uchun o‘zi borishi lozimligini aytadi.

Qizning turmush o‘rtog‘i soat 8lar chamasida qaynotasi va qaynonasining uyiga borganda haqiqiy ahvolni ko‘radi. U zudlik bilan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qiladi. Tez yordam mashinasi yetib kelgach, jabirlanuvchilarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib boriladi.

U yerda bemorlarning o‘pkalariga yetarlicha kislorod yuborilib, muolajalar qilinadi. Hozirgi kunda ushbu oilaning barcha azolari sog‘-salomat.

Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari xonadondagi gaz plitalar, mo‘rilar barchasi texnik talablarga to‘la javob berishini, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari esa pishirilgan ovqat tarkibini lobaratoriya tekshiruvdan o‘tkazib, mutlaqo havfsiz ekanligini aniqladilar.

Tegishli tekshiruvlar gaz balondan ehtiyotsizlik bilan foydalanish oqibatida oila a’zolari is gazidan zaharlanganini ko‘rsatdi.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, is gazi hidsiz gaz bo‘lganligi uchun zaharlanish vaqtida inson hech narsa sezmasligi mumkin. Is gazidan zaharlanganda mushaklarda og‘riq, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, quloqlarda shovqin, qayt qilish, alahsirash, hushdan ketish va falajlanish kuzatiladi. Bu holatda birinchi navbatda tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish zarur. Zaharlangan insonni o‘sha hududdan toza havoga olib chiqish va siqib turgan kiyimlarini yumshatish kerak. Bemorni yotqizish va novshadil spirti hidlatish kerak. Yengil zaharlanish holatlarida yelpib turish, choy yoki qahva berish zarur.

Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizga aytmoqchimizki, hayot deb atalmish bebaho ne’matni asrab-avaylang. Ehtiyotsizlik oqibatida o‘zingizning va yaqinlaringizning hayotini xavf-xatarga qo‘ymang. Gaz uskunalari va jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish qoidariga rioya qiling!

Tuman hokimligining Axborot xizmati