Qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

5 mart kuni Amudaryo tumanining Nazarxan ovul fuqarolar yig‘inida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, respublikadagi barcha tuman hokimlari, sektorlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, klaster rahbarlari, fermer, dehqon, tomorqa yer egalari ishtirok etishdi.
 Seminarga tashrif buyurgan mehmonlar milliy cholg‘u asboblarimizda chalingan musiqa sadolari  ostida non-tuz bilan kutib olindi.
Shuningdek, bahorni madh etuvchi go‘zal raqslar ijro etilib milliy o‘yinlarimiz namoyish etildi.
Seminarda qo‘llari qadoq, o‘z mehnatlari bilan xalqimizning to‘kin rizq-nasibasini yaratayotgan mirishkor dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish etildi.
Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov chigit ekishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, texnikalardan samarali va kamxarj usullarda foydalanish bo‘yicha maslahatlar berib o‘tdi.
 Shundan so‘ng, Nazarxon ovuli hududida barpo etilgan katta bog‘da “BENE FRUITS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Aydin Lal mehmonlarga mevali daraxtlarni parvarish qilish, intensiv bog‘larning afzalligi, bunday turdagi bog‘larni yanada ko‘paytirish bo‘yicha o‘zining tavsiya va tushuntirishlarini berib o‘tdi. Hamda mevali daraxtlarni payvandlash usullari bilan batafsil tanishtirib o‘tdi.
Seminar qatnashchilari bog‘dagi mevali daraxtlarning yanada ko‘payishi uchun o‘z hissalarini qo‘shishdi. Tuman hokimlari ezgu niyatlar bilan mevali ko‘chatlar o‘tqazishdi. Ular kelajakda nihollarning katta daraxt bo‘lib mevasi serhosil bo‘lishini tilashdi.
Seminarda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, intensiv bog‘larni yanada ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qatnashchilar bilan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
 “BENE FRUITS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Aydin Lal ta’kidlab o‘tganidek, intensiv bog‘larda daraxtlarning tanasi kichik bo‘lganligi uchun ular bilan ishlash juda qulay. Ya’ni, ularni sug‘orish, kesish, shakl berish, mevalarini terish bog‘bonga aslo qiyinchilik tug‘dirmaydi. Yana bunday bog‘larda daraxt tanasiga yorug‘lik tushishi, havo aylanishi yaxshi bo‘lganligi uchun mevasining sifati yuqori bo‘ladi.
Undan tashqari, oddiy olmali bog‘ning bir gektaridan 10-20 tonnagacha hosil yetishtirish mumkin. Pakana va yarim pakana daraxtlardan esa 50-80 tonnagacha hosil olsa bo‘ladi.
Intensiv bog‘larda asosan olma ko‘chatlari ekilishining boisi olma daraxtining ko‘chatlari tez hosilga kiradi, gektariga ko‘chat soni qalin ekilishi sababli hosildorlik yuqori bo‘ladi. Bunda ekilayotgan olma navlari payvandtagga payvand qilinib, ko‘chatzorlarda ko‘paytirilib, ekiladi.
Seminarda joriy yilgi chigit ekish ishlarini qisqa muddatlarda va sifatli tarzda  uyushqoqlik bilan o‘tkazish borasidagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Qolaversa,  chigit ekilgan maydonlar atrofiga oshqovoq, tarvuz, qovun, shuningdek tok, tut ko‘chatlari va boshqa mevali daraxt ko‘chatlarini ekish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Seminar davomida klaster rahbarlari, fermer va dehqonlar, tomorqa yer egalari mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib tegishlicha javoblar olishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.