AMU ELIDAGI ZULFIYAXONIM IZDOSHI

Туман янгиликлари

Mashaqqatli ijod maydoniga ilk qadam qo‘yayotgan murg‘ak ko‘ngilli shoir-u shoiralarning ko‘ngil kechinmalariga oshno inson sifatida mamnuniyat bilan ayta olamanki, Amudaryoday jo‘shqin tabiatli aziz xalqim orasida nozik didli, o‘tkir salohiyatli, bilimdon, she’riyatga ixlos va hurmati baland yoshlar bisyor. Barnoxon Samandarova ana shunday navnihol, po-kiza dil, salohiyatli yoshlardan biri. U ilk she’rini tahririyatga olib kelganida 10 yashar qizaloq edi. Shunchaki havaskor bo‘lib tuyulgan bu qizaloq o‘qib-o‘rganishdan, izlanishdan aslo charchamaydigan, bilmaganini so‘rashdan aslo to‘xtamaydigan o‘ta tirishqoqligiga bilan mehrimni qozondi.
U shunchaki qog‘oz qoralamasdi, hayotni, turfa xulq-atvorli odamlarni kuzatish, dunyoqarashni boyitish orqali ijodda o‘z uslubiga ega bo‘lish uchun intildi. Ana shu intilishlari Barnoxonga mohiyatan go‘zal tuyg‘ular ato etdi, fikri teranlashdi, ijod mashaqqatini zimmasiga olib, bu mashaqqatlardan zavqlangan sari yangi-yangi, biri-biridan go‘zal she’rlar ijod etdi.
Biz Barnoxon bilan har bitta so‘z, har bir satr she’r qadrini oshirish yo‘lida barcha izlandik. Har gal she’rlar to‘la daftarlarini ko‘tarib tahririyatga kelganida she’riy talablar, ijodkorlik mas’uliyati, so‘z yukini chin yurakdan his etish bora-sida jiddiy mashg‘ulotlar o‘tkazdik. “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati,  “Jayxun ilhomlari” NNT Barnoxonning haqiqiy ijod uyiga, ijodiy jamoa esa uning fidoyi o‘qituvchilariga aylandi.
U nafaqat Amudaryo tumani, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm  viloyati miqyosida o‘z ijodi hatto jamoatchilik faoliyati bilan tanildi. U xalqaro bolalar YUNISЕF tashkilotining U-Report yo‘nalishi bo‘yicha reportyor sifatida yoshlarni turli oqimlardan himoya qilish, ijtimoiy faollikka da’vat etuvchi ma’ruzalar o‘qidi. O‘zi ta’lim olayot-gan 35-sonli maktabda esa tengdoshlariga o‘rnak, namunali lider o‘quvchiga aylandi.
U Vatanga munosib farzand, ijodda Zulfiyaxonimning sodiq izdoshi bo‘lishdek ezgu orzu og‘ushida yashadi va ma’naviyat bo‘stoniga bir azim daraxtdek ildiz qo‘yishga intildi. Ana shu  ezgu orzusi yo‘lida jur’at bilan amudaryolik ijodkor qizlar qatori “Zulfiya qizlari” ko‘rik-tanlovida tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichlarida muvaf-faqiyatli ishtirok etdi. Barnoxon Samandarovaning nomzodi Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgani haqidagi Prezident Farmoni barchaga xushnudlik baxt etli.
Barnoxon Samandarova o‘z ijodi bilan  menga ana shunday zavq ato etdi va men bundan cheksiz quvonchdaman.
Barnoxon qizimga, Amu elining birinchi Zulfiyaxonim qiziga ijodiy parvozlar tilayman. Mukofot muborak bo‘lsin, shoira qizim!


Robiya YO‘LDOSHЕVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi.