8 mart − Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Amudaryo tumanida bayram tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi.
Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki, ayollar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Har yili mamlakatimizda 8 mart – “Xalqaro xotin-qizlar bayrami” keng nishonlanadi.
 Sana munosabati bilan turli sohalarning ilg‘or ayol-qizlariga alohida ehtiro ko‘rsatilib, e’zozlanadi.
7 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni Amudaryo tumanida ham ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
 Mang‘it shahridagi “Xon” restoranida bo‘lib o‘tgan adabiy-musiqiy  tadbirda tumanimizdagi turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan ayollar, o‘z hayotiy tajribasi asosida yoshlar tarbiyasiga, oilalar mustahkamligiga munosib hissa qo‘shayotgan nuroniy onaxonlar, umidli, iqtidorli qizlar ishtirok  etdilar.
 “Muqaddas ayol ” deb nomlangan bayram tadbirida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev barcha ayol-qizlarni bayram bilan samimiy qutlab o‘zining eng ezgu tilaklarini bildirib o‘tdi.
 Tuman hokimi o‘z tabrik nutqida jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollarning roli katta ekanligini, ular har jabhada munosib o‘rin egallab Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotganligini e’tirof etib o‘tdi.
Hamda Prezident qaroriga muvofiq “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti” sohibasi bo‘lgan 35-sonli maktabning 11 sinf o‘quvchisi Barno Samandarovani hamda uning oila a’zolarini, ustozlarini muborakbod etib, tumanimiz nomini tarix zarvaraqlariga muhrlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi Bekman ota Allaberganov ham ayol-qizlarga o‘zining samimiy va ezgu tilaklarini bildirib ayollarni e’zozlash muqaddas dinimizda ham o‘z aksini topganligini aytib o‘tdi.
Haqiqatan ham, go‘zallik va nafosat, mehru muhabbat, vafo va nazokat ramzi bo‘lgan, o‘zining mehribonligi, qalb saxovati bilan har qaysi oilani oila qiladigan, unga fayz-u tarovat beradigan, farzandlarimiz yuragiga o‘z ona yurtiga sevgi va sadoqat tuyg‘usini singdiradigan ayollarimizning betakror fazilatlari haqida har qancha gapirsak, ularni har qancha e’zozlasak, arziydi.
Tadbir davomida sektorlar rahbarlarining tabrik so‘zlaridan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, faxriy jurnalist Xonimjon Rajabova barcha ayol-qizlarni bayram bilan samimiy qutladi.
Ularning oilaviy hayotiga va ish faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Shu bilan birga mamlakatimizda ayol-qizlarning ijtimoiy-siyosiy foolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi.
 Darhaqiqat, mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeiga yuqori baho berilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarimizning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari bo‘lishlari hamda sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.  
Tabrik nutqlaridan so‘ng navbat tuman Madaniyat bo‘limiga qarashli muassasalar san’atkorlariga berildi.
Tuman hokimligi va Madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda faol ayol-qizlar to‘kin dasturxon atrofida diltortar qo‘shiqlar tinglab, go‘zal raqslar tomosha qilishdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tumanimizning yosh estrada yulduzlari ijrosidagi sho‘x qo‘shiqlarga raqsga tushib madaniy hordiq oldilar.
Ayol muqaddasligini, fidoyiligi, matonati va mehri ummonligini madh etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar ularga juda manzur bo‘ldi.
 “Muqaddas ayol” deb nomlangan musiqiy dastur tomoshasi va o‘zlariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor barcha ayol-qizlarga olam-olam quvonch va faxr hadya etdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.