Amudaryo tumanhokimi Cultonboy Yo‘ldashevning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi T A B R I K N U T Q I

Туман янгиликлари

Assalomu alaykum, aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Avvalo, Siz azizlarni, sizlar orqali barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami – 8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tuman hokimligi nomidan va o‘z nomimdan samimiy tabriklayman!
Insoniyat paydo bo‘lganidan beri ayol zotiga o‘zgacha hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, uning nafosati, sadoqati, aql-zakovati hamda fidoyiligiyuksak qadrlanib keladi. Barcha davrlar va zamonlarda ham jamiki xalqlar va millatlar ayolni ulug‘lab keladi. Oila va jamiyatning ustuni, xonadonimizning fayzi va farishtasi bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatiga aylangan. Chunki ayol bilan hayot go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Shu sababli ham yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalar mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.Konstitutsiya va qonunlarimizda ham ayollarning o‘rniva nufuzi alohida mustahkamlab qo‘yilgan. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashdek ezguishlardan ham ayol-qizlarimizni hayotdan rozi qilishdek olijanob maqsadlar ko‘zlangan.
Ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy loyihalar doirasida millionlab ayol-qizlarimizning turmush sharoitlarini yaxshilash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirofga munosibdir. Birgina 2022 yilda tumanimizda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 803 nafarxotin-qizlarga yordamlar ko‘rsatildi. 87 nafar xotin-qizlarning uy-joylari homiylik hisobidan ta’mirlab berildi.Boquvchisini yo‘qotgan, yashash sharoiti og‘ir deb topilgan 56 nafar xotin-qizlarning ijara pullari uchun kompensatsiya ajratildi.
“Ayollar daftari” jamg‘armasidan yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 16 nafar, “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan oilaviy sharoitlari og‘ir bo‘lgan 142 nafar xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab berildi.Tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tavsiyasi asosida 11 nafar xotin-qizlar Oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi.
Bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirib qolgan 3 nafar xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar bo‘limining kafilligi asosida qamoq jazosidan saqlab qolindi va sog‘lom turmush tarziga qaytarildi.Bu kabi yuzlab misollar mamlakatimizda ayol-qizlarga berilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deya nomlangan joriy yilda ham uzluksiz davom ettiriladi.

Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis ayollar!
Bugun barcha sohalarda ilg‘or va jonkuyar ayollarimiz o‘zlarning bor kuch-g‘ayrati bilan davlat ravnaqi va xalq farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.Iqtisodiy yoki ijtimoiy yo‘nalishdagiqaysi sohani olib qaramaylik, o‘z kasbining haqiqiy egasi, o‘z ishining bilimdoni bo‘lgan faol ayollarni uchratishimiz mumkin.
Nuroniy momolarimizning pand-nasihatlarini, ta’lim-tarbiyasini olgan oqila va intiluvchan qizlarimiz esa ilm-fan cho‘qqilarini egallab, sportda, madaniyat va san’atdaulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar.
Kechagina ana shunday iqtidorli qizlarimizdan biri yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlanib, butun amudaryoliklarning quvonchiga sababchi bo‘ldi. Prezidentimizning 6 mart kungi qaroriga ko‘ra tumanimizdagi 35-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisiSamandarova Barno Tozaboy qiziZulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
O‘ziningiqtidori, izlanuvchanligi, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yurtimiz yoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotganZulfiyaxonim izdoshlari qatoridan Amudaryo tumanining chekka ovulida tug‘ilib o‘sgan Barno Samandarovadek hamyurtimizning ham joy olgani barchamizga g‘urur va faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, Barno Samandarovaning ota-onasi va yaqinlarini, o‘qituvchilari, ustoz va murabbiylarini farzandi va shogirdining ushbu yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani bilan chin qalbimdan tabriklayman! Barno kabi iqtidorli va intiluvchan qizlarimiz safi ko‘payaversin!

Muhtarama ayollar, qadrli opa-singillar!
Bugungi qutlug‘ sana – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yana bir bora barchangizni tabriklab, Siz aziz va muhtarama ayol-qizlarimizga dunyodagi eng ezgu tilaklarni tilayman!Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Xalqimizning, davlatimizning, yaqinlaringizning g‘amxo‘rligi, mehru-muhabbati va ardog‘ida yashash baxti Sizni hech qachon tark etmasin!Bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli onaxonlar, aziz opa-singillar va dilbar qizlar!