9 aprel — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Amudaryo tumanida bayram tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Bundan 30 yil oldin, aniqrog‘i, 1993 yil 9 aprel kuni XII chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining XII sessiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaci qabul qilingan edi. Amudaryo tumanida ham ushbu sana har yili yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda nishonlanadi.

8 aprel kuni tuman Madaniyat bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, deputatlar, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tuman hokimligi, muassasa, korxona va tashkilotlar mas’ullari, fuqarolar yig‘inlari raislari, ta’lim sohasi ilg‘orlari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sahnada o‘rnatilgan ekranda mamlakatimizda, xususan Qoraqalpog‘istonda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar aks etgan roliklar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari ko‘z o‘ngida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan o‘zgarishlar, yoshlarning bilim olishi, aholining farovon turmush kechirishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar namoyon bo‘ldi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yurtdoshlarimizni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadi e’kanligini e’tirof etdi. Shuningdek, bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchaning sharafli burchi ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng tadbirda tumanimizning taniqli va xushovoz san’antkorlari tomonidan ona Vatan madhi tarannum etilgan go‘zal kuy-qo‘shiqlar yangradi. Ayniqsa, 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi orkestr jamoasi ijrosidagi “Qoraqalpoq syuitasi” kuyini barcha maroq bilan tingladi.

Shuningdek, tumanimizning taniqdi estrada yulduzlari tomonidan ijro etilgan Qoraqalpoq tilidagi “Maqtanishim”, “Joldimsiz”, “Qaraqalpaq jaslari” qo‘shiqlari, “Yosh kitobxon oila” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi Umidbek O‘rinboyev hamda “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Barno Samandarova tomonidan birgalikda ijro etilgan “Referendumga chorlaymiz” qo‘shig‘i yig‘ilganlar qalbida o‘zgacha g‘urur va iftixor uyg‘otdi.

Bayram tadbirida o‘zbek va qoraqalpoq xalqining azaliy do‘stligi, tinch-totuv yashab kelayotganiligi go‘zal kuy-qo‘shiqlar va raqslar orqali tarannum etildi.

Baxtimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamizda ham millati, tili va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar barcha yurtdoshimizning teng huquqli etib belgilab qo‘yilgani yurtimizning buyuk kelajagi va xalqimiz farovon turmushining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.