Ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi

Туман янгиликлари

Ramazon oyi nafaqat ibodat, Yaratganning ajru savoblariga erishish, balki xayru saxovat, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlovchi muborak oydir. Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Amudaryo tumanida ro‘zadorlar ishtirokida mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari amalga oshirilyapti.

Tumandagi barcha mahallalarda ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxonlari yozilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda, sovg‘alar ulashilmoqda.

Tumandagi eng so‘nggi xizmat ko‘rsatish obyektlaridan biri bo‘lgan “Sher” to‘yxonasida Beruniy va Olmazor mahallasida istiqomat qiluvchi ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxonlari yozildi. Dasturxon ro‘zadorlar uchun yozilgan noz-ne’matlar bilan to‘ldi.

Iftorlikda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ham ishtirok etdi.

Fayzli dasturxon atrofida kechgan suhbatlar jarayonida Ramazon oyining fazilatlari haqida so‘z yuritildi. Yurtimizga tinchlik, oilalarimizga totuvlik, ro‘zg‘orlarimizga baraka tilab duolar qilindi. Darhaqiqat, ushbu oyni oylarning sultoni deb bekorga aytishmaydi. Bu oyda gunohlar kechirilib, inson nafsini jilovlaydi.

Kimdir, bu bebaho va betakror toat-ibodat mavsumida o‘zini har tomonlama isloh etib, xatolarini tuzatish, hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi ma’naviy illatlardan qalbini musaffo etib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochishni maqsad qilgan bo‘lsa, yana kimdir xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g‘animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi olijanob ishlarni ko‘proq amalga oshirishga intiladi.

Qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo‘lishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundandir. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda chiqaradilar.

Ehson marosimida so‘zga chiqqanlar muqaddas mohi Ramazon kunlarida muhtojlarga mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat ekanligini ta’kidladilar. Muborak oy davomida miskinlar holidan xabar olish, ehtiyojmandlarga xayr-ehsonlar berish savobli amallardan sanalishi, zero, Ramazon insonlarni o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga, keksalar va bemorlar, yaqinlar holidan xabar olishga, muhtojlarga saxovat qilishga chaqirishi alohida ta’kidlandi.

Ehson marosimiga to‘planganlar iftorlikda tuman bosh imom-xatibi Abdurahmon Matsafoyevning Ramazoni sharif shukuhi, ushbu oyning fazilatlari haqidagi ma’ruzalarini tinglashdi. Marosimda Qur’on oyatlari o‘qilib, mamlakatimizda xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilib o‘tganlar haqiga, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishi, xonadonlarimizda hamisha tinchlik hukm surishi, mo‘l va barakali rizq tilab, duolar qilindi.

Ovul va mahallalarida bu kabi xayr-ehson tadbirlari Ramazon oyining so‘nggi kunigacha davom etadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.