“O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

9 aprel kuni tuman Madaniyat bo‘limi binosida “O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi. Unda tumanning ovul va mahallalarida istiqomat qiluvchi faol yoshlar ishtirok etdi. Yoshlar sayli davomida stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari doirasida musobaqalar tashkil etildi.
Shundan so‘ng, soat 19:00 da tuman Madaniyat bo‘limining tomoshalar zalida  O‘zbekiston Respublikasi Referendumi targ‘ibotiga bag‘ishlangan yig‘ilish va konsert dasturi namoyish etildi.
Sahnada o‘rnatilgan katta ekranda mamlakatimizda, xususan Qoraqalpog‘istonda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar aks etgan roliklar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari ko‘z o‘ngida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan o‘zgarishlar, yoshlarning bilim olishi, aholining farovon turmush kechirishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar namoyon bo‘ldi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Po‘lat Maxsetbayev, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetovlar ham ishtirok etshdi.
Ma’lumki, shu yilning 18, 23 mart kunlari oralig‘ida tumandagi sportchi yoshlar o‘rtasida sportning kurash, yengil atl’etika, mini futbol turlari bo‘yicha “Navro‘z kubogi” musobaqalari bo‘lib o‘tgan edi. Tadbir davomida ushbu musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 41 nafar sportchi yoshlarga pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.
Taqdirlash marosimida Po‘lat Maxsetbayev yoshlarni qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi, ularning bundan keyingi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov tumanda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib yuqori cho‘qqilarni zabt etgan yoshlarni tumanimizning faxri va g‘ururi ekanligini, boshqa yoshlar ham ulardan o‘rnak olib bundanda yuksak marralarni egallashi kerakligini ta’kidladi.
 Shundan so‘ng, respublikamizdagi va tumandagi taniqli estrada yulduzlari tomonidan Vatan, ona, do‘stlik, sevgi-muhabbatni tarannum etuvchi go‘zal qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbir davomida Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Oybek Begimov Konstitutsiyamizga kiritilayotgan yangilik va o‘zgarishlar mohiyatini sharhlab berdi.
Ayniqsa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 220 mingdan ortiq takliflar berilgan bo‘lsa, shundan 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan bildirilgani O‘zbekistonni tom ma’noda yoshlar mamlakati deyishga asos bo‘lishini aytib o‘tdi. Va barcha yoshlarni umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbirda “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Barno Samandarova erishgan muvaffaqiyatlari haqida yoshlarga to‘lqinlanib gapirdi. Endigina 11-sinfni bitkazayotgan Barno Samandarovaning jamiyat hayotiga, yurtimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarq emasligi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bildirgan fikrlari va referendumga chorlovida to‘la aks etdi.
Tadbir davomida hushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan go‘zal kuy-qo‘shiqlarga yoshlar raqsga tushishdi. Bir biri bilan notanish bo‘lgan yoshlarning o‘rtasida mehr-muhabbat, do‘stlik, ona Vatanga dahldorlik tuyg‘ulari mana shu tadbir orqali yana mustahkamlandi.
Tadbirda so‘z olgan ilg‘or yoshlardan biri Qudrat Matsafoyev Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakillari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olayotganini ta’kidladi. Hamda 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda barcha faol ishtirok etishi lozimligini, har kim o‘z kelajagi uchun o‘zi shaxsan ovoz berishi lozimligini aytib o‘tdi.
Tadbirda “Yosh kitobxon oila” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari Umidbek O‘rinboyev va Muhabbat Davlatovalar mamlakatimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 79-moddasida bu yanada mustahkamlab qo‘yilayotgani yoshlar uchun muhim ijobiy yangilik ekanligini e’tirof etishdi.
Ya’ni ushbu moddada “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.” Deb belgilab qo‘yilgani yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.  
Darhaqiqat, Yangilanayotgan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Tuman Madaniyat bo‘limida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir yoshlar qalbida ona Vatanga dahldorlik, vatanparvarlik, o‘z oilasiga, mahallasiga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlagani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.