KONSTITUTSIYAMIZ – YANGI QORAQALPOG‘ISTONNI QURISHDA MUHIM AHAMIYAT KASB ETADI

Туман янгиликлари

Bu yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Ushbu Konstitutsiya yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning kafolati bo‘lib kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi 1993 yili 9 aprel kuni qabul qilingan. Bugungi kunga qadar unga bir necha marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, takomillashtirildi. Jumladan, 2021 yil 12 fevral kuni o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n beshinchi sessiyasida “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, mazkur qonun asosida Konstitutsiyaga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan edi. Konstitutsiyaning 2-moddasidagi, 15-moddaning ikkinchi bo‘limidagi hamda 36-moddasi matnidagi «odamlar» degan so‘z «shaxslar» degan so‘z bilan almashtirildi. 70-moddaning 11-bandi, shuningdek, 103 va 104-moddalar olib tashlandi.

O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyaviy loyihasida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi ko‘targan barcha takliflar har tomonlama inobatga olindi. Hududning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib yangilanayotgan Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning davlat tuzilishi va siyosiy tizimi bilan bog‘liq birorta modda o‘zgarmadi. Konstitutsiyaning butun matni yangilanayotganligi inobatga olinib, faqat moddalarning tartib raqami o‘zgartirildi. Konstitutsiyaning moddalari 27 taga ko‘paygani, hozirda 155 tani tashkil qilayotgani sababli oldingi 70-75-moddalar loyihada tegishinchi 85-90-moddalar sifatida keltirilmoqda.

Yangilanayotgan Asosiy Qomusimiz loyihasida Orolbo‘yi masalasi Konstitutsiya darajasiga olib chiqilgani nafaqat shu hududda yashovchi fuqarolar, balki butun O‘zbekiston aholisi uchun muhim ahamiyatga ega. Yangilanayotgan Konstitutsiyaga ko‘ra endilikda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rish davlat ahamiyatidagi yanada muhim masala sifatida mustahkamlanadi.

Qisqacha aytiladigan bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni birgalikda qurishda, shu yurt hududi har jihatdan rivoj topishida, aholisi farvon  hayot kechirishida Yangilanayotgan Konstitutsiya va Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo sudi raisi.