SIYOSIY PARTIYALAR VAKILLARI ISHTIROKIDA UMUMXALQ RЕFЕRЕNDUMI TARG‘IBOTIGA BAG‘ISHLANGAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Shu kunlarda Amudaryo tumanining barcha qishloq va mahallalarida, o‘quv muassasalarida amaldagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – ijtimoiy davlat kafolati” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumini erkin, shaffoflik asosida o‘tkazishga bag‘ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, oshkora muloqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Shunisi e’tiborliki, bo‘lib o‘tayotgan bu kabi tadbirlarga aholi qatlamlarini keng jalb etish, har bir inson qalbida ona Vatanga, kelajak avlod va xalq baxt-saodati uchun daxldorlik hissini uyg‘otishga qaratilgan biri-biridan qiziqarli ma’ruzalar o‘qilayotgani saylovchilarga manzur bo‘lmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 15 aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’lim muassasalari Agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabi binosida ham o‘tkazildi.

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – ijtimoiy davlat kafolati” mavzusidagi mazkur tadbir O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi hamda Prezident ta’lim muassasalari Agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabi pedagogika jamoasi hamkorligida tashkil etildi.

Oshkora muloqot, ochiqlik va shaffoflik asosida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman Kengashi apparat rahbari Yaxshimurod Ahmedov, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Quvonchboy Boymurodov, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari Muqaddas Beknazarovva hamda Muyassar Rahmatullayeva, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan siyosiy partiyalar vakillari, umumxalq Referendumida birinchi marta ovoz beradigan yoshlar ishtirok etishdi.

Tashviqot tadbirida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi apparat rahbari Yaxshimurod Ahmedov amaldagi Konstitutsiya bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning farqi, kiritilayotgan yangi normalar va o‘zgartishlar haqida batafsil to‘xtaldi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Quvonchboy Boymurodov Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi haqida so‘z yuritib, yanada xalqparvar va ijtimoiy hayotni to‘liq qamrab olgan yangi normalar, xususan, 29-moddaga ko‘ra, huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgani, 30-moddaning 1-qismiga ko‘ra, hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida javobgar bo‘lishi, mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi, 42-moddaning 3-qismida qayd etilganidek, ayollar mehnat huquqi to‘liq ta’minlanishi, 58-modda, 3-qismiga ko‘ra, ayollar bilan erkaklar uchun tenglik taqdim etilishi, shuningdek, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini cheklash qonuniy kafolatlanayotgani haqida yoshlarga keng tushunchalar berdi.

Tadbir davomida Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashiga O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasidan deputat Muyassar Rahmatullayeva yangilanayotgan Konstitutsiyaning 76-moddasi, 3-qismida oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar yaratish mustahkamlab qo‘yilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Joriy 2023 yilning 1 yanvar holatiga mamlakatimizda 9 mln. oila mavjudligi ro‘yxatga olinganini, bu oilalarning har bir a’zosi bekam-u ko‘st, obod va farovon hayot kechirishi uchun ularning hayotiy ehtiyojlarini qondirish, xususan, ipoteka va iste’mol kreditlari olishlarida byurokratik to‘siqlarga barham berish, chiroyli, ko‘ngildagidek turmush sharoitlariga ega bo‘lishlarida zarur imkoniyatlar yaratish Konstitutsiyaviy mustahkamlab qo‘yilayotganini alohida qayd etdi.

Tadbirda Referendumda birinchi marta ovoz beradigan yoshlar mas’ullarga savollar bilan murojaat qildilar va munosib javoblar oldilar. Bo‘lib o‘tgan targ‘ibot-tashviqot tadbiri ochiqlik, shaffoflik asosida, bahs-munozaralarga boy va qiziqarli bo‘ldi.

Tadbir yakunida Amudaryo tuman turizm va madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA, Ravshan BAHROMOV.