Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 60-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 25 aprel kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 60-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Sessiyani tuman hokimi – Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 7-Oybek saylov okrugidan deputat Sa’dulla Sodikov saylandi.

Sessiyada dastlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan 2023 yilning dastlabki 3 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sud raisi Qayrulla Atamuratovning axboroti tinglandi. Axborotda keltirib o‘tilganidek, mazkur davr mobaynida sud tomonidan 1393ta ish ko‘rib tamomlangan. Shuningdek, buyruq tartibida jami 884 arizalar bo‘yicha sud buyrug‘i chiqarilgan.

Shundan keyin Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan 2023 yilning1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sud raisi Asqar Safarov axborot berdi. Axborotda 3 oy mobaynida 29ta ish bo‘yicha 39 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilib, 13 ta ish bo‘yicha 13 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi xarakatdan tugatilgani, 3ta ish bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan oqlov huqmi chiqarilgani qayd etildi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining tumandagi ijrosi yuzasidan sektor rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman hokimi – 1-sektor rahbari Sultonboy Yo‘ldashevning hisobotida ta’kidlanganidek, joriy yilning 3 oyi mobaynida sektor hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 30,7 mlrd. so‘mlik 26ta loyihalar ishga tushirilib, 132ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

3-sektor rahbari – tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov o‘z hisobotida joriy yilning 3 oyi davomida “Bandlik” dasturiga muvofiq Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 138 nafar fuqarolar ishga joylashtirilganini, ijtimoiy himoyaga muhtoj 25 nafar fuqaro esa reablitatsiya-texnik vositalari va kreslo-aravachalar bilan ta’minlanganini aytib o‘tdi.

4-sektor rahbari – tuman DSI boshlig‘i Aydos Seyitov hisobotida qayd etib o‘tilganidek, sektor hududida yashovchi 40 nafar ishsiz fuqarolar kasbga o‘qitilgan, 112 nafar fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikini boshlashlari uchun 1 mlrd 904 mln. so‘mlik kreditlar ajratilgan.

Sessiya ishida tuman Xalq qabulxonasi, sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning axboroti tinglandi. Axborotda qayd etilganidek, 2023 yilning 1-choragi davomida tuman aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlarning aksariyati bolalar nafaqasini tayinlash, aliment undirish, ish bilan ta’minlash, moddiy yordam, sog‘liqni saqlash va tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolar haqida bo‘lgan.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Jamaladdin Yusupovning hisoboti tinglandi. Hisobotda ta’kidlanganidek, tumanda olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida o‘tgan 3 oyda qayd etilgan jami jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45 tadan 40 ga ya’ni 5 taga kamayishiga erishilgan.

Sessiya davomida tuman Adliya bo‘limi tomonidan 2023 yilning dastlabki 3 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Adliya bo‘limi boshlig‘i Mansur Sadikovning hisoboti tinglandi. Hisobotda aytib o‘tilganidek, bo‘lim tomonidan 3 oy davomida jami 43 ta davlat organlari va tashkilotlariga 179 ta qonun va qonunosti aktlari yetkazilgan.

Sessiya ishida “Tashabbusli budjet” loyihasining 1-mavsumi doirasida 2 mingdan ortiq ovoz to‘plab, qo‘shimcha tarzda g‘olib bo‘lgan 9 ta tashabbuslar loyihasini g‘oliblar qatoriga qo‘shish bo‘yicha tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev tomonidan taklif berildi. Taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Sessiya kun tartibida Amudaryo tumani hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘basining joriy yilning 1-choragi davomidagi faoliyati yuzasidan sho‘ba mudiri Jahongir Xolmurodovning axboroti tinglandi. Ta’kidlab o‘tilganidek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hozirgi kunga qadar 78 ta “O‘quvchi”, “Tungi reyd”, “Tig‘” va ”Davomat” tadbirlari o‘tkazilgan.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvonov hisobot berdi. Hisobotda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish, chorvachilik, paxta-g‘allachilikni rivojlantirish maqsadida zahira yer maydonlarini ochiq elektron tanlovga qo‘yish bo‘yicha taklif berildi. Taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Sessiya ishida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.