Beshtom mahallasida tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi va sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

11 may kuni Beshtom mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimining sayyor qabuli va yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov hamda mahalla faollari, yoshlar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 18 nafari tuman hokimiga biriktirilgan yoshlar bo‘lib, sayyor qabulda ular o‘z muammo va takliflari bilan mas’ullarga murojaat qildilar.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev jamiyatning eng katta ta’sirchan kuchi sifatida bugun yurtimiz yoshlari davlatimizda olib borilayotgan keng islohotlar jarayonida faol ishtirok etishayotganini, vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida o‘z g‘oya va takliflari bilan maydonga chiqayotganligini, shu boisdan yoshlarning intilishlari va hayotiy maqsadlari har qanday soha rivojida katta asos bo‘lib xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, yoshlar muammolarini o‘rganish har bir davrning eng muhim masalasi sifatida qaralib kelingan va bu jarayon bugun o‘zining yangi rivojlanish davrini boshidan o‘tkazmoqda.

Ayniqsa, yoshlar bandligi va bu orqali ularning daromad topishlarini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan qator amaliy choralar olib borilmoqda. Ammo, bu borada talay muammolar ham borki, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul idora vakillarining jonbozligi va vatanparvarligi bugun har qachongidanda muhimdir.

Uchrashuv davomida mahallada yashovchi yoshlardan biri – Ma’murjon Matrizayev subsidiya asosida chilangarlik asbob-uskunalarini olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Uning murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Faol yoshlardan yana biri Temur Shomuradov esa safarbarlik chaqiruv rezerviga borish istagi borligini, ammo oilaviy sharoiti tufayli badal pullarini to‘lashga imkoni bo‘lmayotganligini aytib murojaat qildi. Uning murojaati ham shu yerning o‘zida o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Undan tashqari, uchrashuvda mahalla hududida istiqomat qiluvchi faol fuqarolar mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi.

Ta’kidlash lozimki, jamiyatimizning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadigan mahalla bugun hayotimizga daxldor barcha masalalarni hal etishda bevosita ishtirok etuvchi, xalq va davlatni bir-biriga yaqinlashtirib, ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi muhim tuzilmaga aylanib bormoqda.

Aniqroq aytganda, davlatimizning barqaror rivojlanishi, xalq farovonligining oshishi, fuqarolarimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lib, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan yashashlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘yilgan maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirishda jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini hisoblangan mahalla institutining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Shu ma’noda, bugun mahallalarda yuzaga kelayotgan muammolarni shu yerning o‘zida, mahalla ichida ijobiy hal etish har qachongidanda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada esa mas’ullarning joylarga chiqib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani davlat va xalq o‘rtasida vosita bo‘lmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati