BOSHLANG‘ICH SINFLAR O‘QUVCHILARIGA BЕRILAYOTGAN YENGIL NONUSHTA TAYYORLANISHI VA TARQATILISHINI OMMALASHTIRISHGA OID SЕMINAR BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi 2022 yil 28 yanvardagi Farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustda 472-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan tumanimizda muayyan ishlar qilinmoqda. Mavjud 85 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-4 sinflari o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tashkil etilgan va hozirgi kunga qadar davom ettirilmoqda.

Amudaryo tumanidagi 85 ta maktablarning jami boshlang‘ich sinflarining14 ming 769 nafar o‘quvchilariga 4 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan yengil nonushta yetkazlib berilmoqda, “Shoxnur Azatovich”, “Navro‘z”, “Mang‘it milk”, “Tabassum” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan maktablar kesimida yengil nonushta yetkazalib berilmoqda.

Shuni e’tirof etish kerakki, o‘quvchilarga sifatli yengil nonushta tayyorlash va yetkazib berishda “Navro‘z” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng namunali baza deb topildi. Bu yerda tumanimizdagi 30 ta maktabning 4983 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga keytering usulida yengil nonushta tarqatib kelinmoqda. Taomnomadagi oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizi jamiyatning o‘zida ishlab chiqariladi va shu kunning o‘zida qadoqlanib, 30 ta maktabga yetkazib berilmoqda. O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida ishchi guruh a’zolari 1-4 sinflar o‘quvchilariga berilayotgan yengil nonushta mahsulotlarining tayyorlanishi va tarqatilishini ko‘zdan kechirib, jarayon namunali yo‘lga qo‘yilganligini qayd etishmoqda.

“Navro‘z” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan o‘quvchilarga yengil nonushta tayyorlanishi va yetkazilib berilishi borasidagi sa’y-harakatlar nafaqat tumanimizda, balki, respublika miqyosida ham ibratga loyiq. Shuning uchun ularning tajribalarini ommalashtirish, kelgusi 2023-2024 o‘quv yilidan barcha viloyatlarda tatbiq etish maqsadida yaqinda amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

“Navro‘z” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda Qoraqalpog‘iston respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari, barcha viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining sog‘lom ovqatlantirish bo‘limi boshliqlari, viloyat sanitoriya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi boshliqlari, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari ishtirok etdilar.

Aytish kerakki, maktablarda 1-4-sinflar o‘quvchilarini sog‘lom ovqatlantirish maktablarning oshxonalarida va sinf xonalarida sanitariya va gigiyena qoidalari, normalari talablariga mos shart-sharoitlar yaratilgan holda tashkil etilmoqda. Bu borada maktablarda maxsus komissiyalar tashkil qilingan bo‘lib, komissiya tarkibiga maktabning direktori, hamshira, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, maktabning amaliyotchi psixologi va sinf rahbarlari va ota-onalar vakillari kiritilgan. Ular kunlik hisobotlarini, 1-4-sinf o‘quvchilar davomatini tuman Xalq ta’limi bo‘limiga har kuni berib boradi va hisobotlar umumlashtirilib, kundalik.com tizimi bilan solishtirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yetkaziladi.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini keytering usulida bepul ovqatlantirishning standart talablariga mosligini kundalikli ko‘rikdan o‘tkazib borishi bo‘yicha tuman hokimligining bayoni asosida ishchi guruh tuzildi va ushbu guruh ham o‘quvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan talablarga mosligini, oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya-gigiyena talablariga javob berishini, oziq-ovqat mahsulotlarining taomnomaga mosligi va miqdorlarini ko‘rikdan o‘tkazib turadi.

Seminarda ishtirokchilar boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga menyu bo‘yicha yengil nonushta, ya’ni qumoq xamirli pechene, yong‘oqli keks tayyorlanish jarayoni ko‘rsatib berildi. Bu ishlarda sanitariya qoidalari va normalariga to‘liq rioya qilinishiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mevalarning maxsus sovutgichda saqlanishi, tayyor mahsulotlarning konteynerlarga joylashtirilish jarayoni va maxsus avtomashinalarda belgilangan maktablarga yetkazilish amaliyoti ham ko‘rsatib berildi.

Seminar ishtirokchilari “Navro‘z” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ozod Qurbonboyevdan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, batafsil javoblar oldilar.

Oygul RAJABOVA.