Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uylari ta’mirlab, yashashga yaroqsiz holga kelib qolganlari qaytadan qurib berilmoqda

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevral kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarni ta’mirlash, tom qismini yopish, hamda yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorga muvofiq Amudaryo tumanidagi jami 49 ta ovul va mahallalarda joylashgan jami 1868 ta xonadondan 1856 ta uyning tom qismi yopib beriladi. Shuningdek, yashash uchun va ta’mirlash uchun yaroqsiz bo‘lgan 12 ta uy qaytadan quriladi. Qolgan 190 ta uy esa to‘liq ta’mirlab beriladi.

 Undan tashqari qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlari hisoblangan Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridagi 2 ming kilometr tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari olib boriladi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanidagi barcha xonadonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida ushbu oilalar haqiqatdan ham yordamga muhtoj ekanligi aniqlandi. Bugungi kunda tumanda ushbu uylarni ta’mirlash va qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Amudaryo tumanining Bo‘z yop ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Amat Bazarbayev yakka-yu, yolg‘iz yashaydi. Fuqaroning uyiga tashrif buyurganimizda shu narsaning guvohi bo‘ldikki, uning uyi haqiqatdan ham yashashga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Fuqaroning uyi bugungi kunda “Go‘na qal’a Mang‘it” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qayta qurilmoqda. 2 xonali zamonaviy uslubda qurib berilayotgan uyining qurilish ishlari boshlab yuborilganidan u juda ham mamnun bo‘lib quruvchilarga o‘zi ham yordam bermoqda.

Yana shunday ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolardan biri Qizilcholi mahallasida istiqomat qiluvchi Nasiba Siytmamutova. U ikki nafar farzandi bilan yolg‘iz yashaydi. Turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin yolg‘iz ona ro‘zg‘or yukini ko‘tarishga ancha qiynalib qolgan edi. Buning ustiga yashash uchun yaroqsiz ahvolga kelib qolgan eski uyning tomidan chakka o‘tishi, balog‘at yoshiga yetib qolgan farzandlarining moddiy zarurati yolg‘iz onani kecha-yu kunduz dala ishlaridan bo‘shamay yollanma ishchi bo‘lib mehnat qilishga majbur qilardi. Biz tashrif buyurgan paytimizda uy egasi mavsumiy ishchi bo‘lib ishlayotganligi sabab o‘zi yetib kelolmadi. Prezidentimizning alohida g‘amxo‘rligi va e’tibori sabab uning uyi ham yangidan qurib berilmoqda.

Qurilish ishlari “Jumurtov tex ta’mir servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilmoqda. Quruvchilarning ta’kidlashicha, qurilish ishlari iyun oyida nihoyasiga yetkazilib, uy egasiga tantanali tarzda topshiriladi.

Albatta, bunday xayrli ishlar mazkur xonadon sohibasi dilida ezgulik chirog‘ini yanada ravshan etib, uning yog‘dusi yana bir qator xayrli yumushlarga turtki beradi. Zero, ezgulikning javobi ham ezgulikdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.