56-sonli maktabda “Yosh kitobxonlar” tanlovi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Qadimdan kitob mutolaasi shahsni tarbiyalashda uning individual xususiyatlarini ochib berishda muhim va ajralmas rol o‘ynagan, shuningdek uning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy dunyoda kitob mutolaasi birinchi navbatda uzluksiz ta’lim tizimida, shu jumladan, har kimning kundalik faoliyatida alohida o‘rin tutishi lozim. Mamlakatimizda bu masalaga jiddiy e’tibor berilib davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.

Amudaryo tumanida ham yosh avlodni yuksak manaviyatli yoshlar etib tarbiyalash, kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida muntazam ravishda o‘tkazilib kelinadigan “Yosh kitobxonlar” tanlovi alohida ahamiyatga ega.

 24 may kuni Durunki mahallasi hududida joylashgan 56-sonli maktabda “Yosh kitobxonlar” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda 6-,7-,8- sinf o‘quvchilari faol ishtirok etishdi.

 Tanlov 3 ta  shart asosida olib borildi. Birinchi shartda o‘quvchilar biletlar ostiga yashiringan badiiy asar haqida ma’lumot berib, o‘z shaxsiy fikrlarini ifoda etishdi. Ikkinchi shartda qatnashchilar suratdagi shoir yoki yozuvchinining kim ekanligini topib uning hayoti ijodi haqida batafsil ma’lumot berishdi. Uchinchi shartda esa biletda keltirilgan shoirning she’rini ifodali tarza o‘qib o‘zlarining shaxsiy fikrlarini bayon etishdi.

 Hakamlar hay’ati a’zolari Allambergan Jumaniyozov, Madina Rajabova, Fotima Eshimbetova, Nafosat Tilovbayevalar barcha ishtirokchilarning chiqishlarini diqqat bilan kuzatib odilona baholab borishdi.

 Tanlov yakunida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Durunki mahallasining yoshlar yetakchisi Xurrambek Qalandarov homiyligida tayyorlangan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni 84 ball bilan 6-“B” sinf o‘quvchisi Feruza Karimova, 2-o‘rnni  73 ball bilan 7 -“A” sinf o‘quvchisi Rayhona To‘raboyeva, 3-o‘rinni 62 ball bilan 7-“B” sinf o‘quvchisi Charos Tangirbergenovalar egalladi.

Birinchi o‘rin sohibasiga 300 ming so‘m, ikkinchi o‘rin sohibasiga 200 ming so‘m, uchinchi o‘rin sohibasiga 100 ming so‘m pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.

Shuningdek, tanlov g‘oliblari qadimiy va navqiron Xiva shaxriga sayohatga olib boriladigan bo‘ldi.

 O‘quvchilar o‘zlariga ko‘rsatilgan bu kabi e’tibordan mamnun bo‘lib yanada olg‘a intilishga, bundanda ko‘p badiiy kitoblar  o‘qishga harakat qilishlarini aytib o‘tishdi.

Ushbu tadbirni tashkil etishda shu maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Allambergan Jumaniyozovning xizmatlari katta bo‘ldi. Ijodiy madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchining o‘quvchilar bilan dars mashg‘ulotlaridan bo‘sh paytda kitobxonlik  to‘garaklarini tashkil etib ular bilan doimiy ravishda shug‘ullanishlari tufayli bo‘lib o‘tgan tanlov ular uchun aslo qiyinchilik tug‘dirmadi.

 O‘quvchilar o‘qigan badiy asarlarini ravon tilda ifoda etib berishdi. Umumta’lim maktablarida o‘tkazilib kelinayotgan kitobxonlik tadbirlari o‘quvchilarning dunyoqarashi kengayishida va shaxsiy fikri rivojlanishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

 


F.Eshimbetova.