Futbol va mini futbol bo‘yicha DXX raisi kubogi musobaqalarining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, aholi, shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu aholi salomatligini, qolaversa, yoshlarning kuch va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda hududlar bo‘ylab o‘tkazilib kelinayotgan sportning futbol va mini futbol turi bo‘yicha Davlat xavsfizlik xizmati raisi kubogi  musobaqalari iste’dodli yoshlarni saralab olish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
 27 may kuni Do‘stlik mahallasi hududidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida sportning futbol turi bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi  musobaqalarining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda sektorlar kesimida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 4 ta jamoa vakillari ishtirok etdilar. Musobaqa oldidan hakamlar o‘yin ishtirokchilarini rioya etilishi lozim bo‘lgan qonun-qoidalar bilan batafsil tanishtirib o‘tishdi.
 Shundan so‘ng,jamoalar bir birlariga omad tilab o‘yinni boshladilar.
Futbol musobaqasi shiddatli va murosasiz kechdi. Ishtirokchilarning yaqinlari qolaversa, mahalladagi faol yoshlarning qo‘llab-quvvatlashi jamoa a’zolariga yanada kuch-g‘ayrat va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tuman bosqichida 1-o‘rinni To‘lqin yoshlari jamoasi, 2-o‘rinni Kuyuk ko‘pir yoshlari jamoasi hamda 3-o‘rinni Xolimbeg yoshlari jamoasi egalladilar.
Mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan To‘lqin yoshlari jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mahalla yoshlarini birlashtirish, bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazish, ular orasida sportni ommalashtirish, iste’dodli futbolchilarni kashf etish maqsadida keyingi yillarda an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari tom ma’noda yoshlar uchun haqiqiy sport maktabi bo‘lmoqda.
Mazkur musobaqa tumanda sportning mini futbol turini rivojlantirish, ushbu sport turi bo‘yicha kuchli sportchilarni aniqlash, ovul va mahallalardagi yoshlarni sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishi bilan birga iste’dodli yoshlarni kashf etmoqda, qobiliyatini yuzaga chiqarmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi musobaqasi ham ayni shu maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatimizda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar va belgilangan ustuvor vazifalarning o‘z vaqtida tizimli amalga oshirilishi sog‘lom turmush tarzi shakllanishi, sog‘lom jamiyat barpo etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati