30 iyun – Yoshlar kuni. CHOYKO‘L OVULIDAGI YOSHLAR YETAKCHISI FAOLIYATIGA BIR NAZAR

Туман янгиликлари

Yoshlarning doimiy ish bilan bandligini ta’minlash, ularning hayotlaridagi muammo va tashvishlarini ijobiy hal etishda ovul va mahallalarda faoliyat olib boruvchi yoshlar yetakchisining tutgan o‘rni muhim ahamiyatga ega. Xususan, yoshlar yetakchisi – hokim yordamchisi – oila va xotin-qizlar faoli hamkorligi asosida yoshlar yetakchisining kundalik ish faoliyatida amalga oshiradigan vazifalari talaygina. Ayni kunlarda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoygan “Yoshlar oyligi” tadbirlarida joylardagi yoshlar yetakchilarining o‘z zimmalaridagi vazifalarni nechog‘lik uddalayotganlari alohida e’tirof etilmoqda.

Amudaryo tumanidagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar muammolari bilan shug‘ullanish barobarida ular erishayotgan yutuqlarni ommalashtirish va o‘z vaqtida moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish orqali o‘z atrofiga faol, intiluvchan yoshlarni jipslashtirib, xalqimiz farovonligiga munosib hissalarini qo‘shayotgan yoshlar yetakchilari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Choyko‘l ovulida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchisi Xursand Shukurullayev ham yoshlar bilan ishlashish, ovul yoshlarini ezgu maqsadlar yo‘lida jipslashtirish, ularning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida o‘ziga xos tajribaga ega yetakchilardan biri. U avvalo ishni ovul hududidagi 1218 ta xonadonlarda istiqomat qiluvchi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hayotini o‘rganishdan boshladi. Shu maqsadda ovuldagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli bilan hamkorlik rejasini ishlab chiqdi va 14-30 yosh oralig‘idagi 1920 nafar yoshlar xatlovdan o‘tkazildi. 915 nafar yosh ayol-qizlar va 1005 nafar yigitning 5 toifa bo‘yicha bandligi, ishga layoqatliligi, ma’lumoti, oilaviy, ijtimoiy, salomatlik holatlari puxta o‘rganilib, “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Shu asosda 2023 yil boshidan 121 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar ushbu daftarga to‘liq qamrab olindi va ularning barchasiga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Xususan, 18 nafar yoshlarning kredit mablag‘lari olish bo‘yicha muammolari to‘liq hal etilib, 78 nafar yoshlarga esa 1 nuroniyga 10 yosh tamoyili asosida ekishlik yer maydonlari ajratilishida yoshlar yetakchisi bosh-qosh bo‘ldi. Shuningdek, Xursand Shukurullayev 2 nafar yoshning kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha istagini qo‘llab-quvvatlab, ularga zarur asbob-uskunalar olib berishda ko‘maklashdi. Turli OTMlar va texnikumlarda ta’lim olayotgan 15 nafar talabaning shartnoma pullari to‘lab berildi. Bundan tashqari, 2 nafar kam ta’minlangan yosh haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishlari uchun o‘qitildi. 6 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv-rezervi uchun shartnoma mablag‘lari to‘lanishiga yaqindan yordam berdi.

Ovul yoshlarini tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirish, ularning o‘z tadbirkorligini boshlashlari uchun ko‘maklashish maqsadida hokim yordamchisi bilan hamkorlikda faoliyat olib borilayotgani bois, bu borada ham sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Izlanuvchan, tashabbuskor yoshlardan Qahramon O‘rozimbetovning o‘z biznes-loyihasini amalga oshirish borasidagi murojaati hokim yordamchisining ko‘magi tufayli ijobiy hal etildi. Natijada ovul hududida “Saodat” xo‘jalik sovuni ishlab chiqarish oilaviy korxonasi tashkil etish bo‘yicha Qahramon O‘rozimbetovga imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Doniyorbek Otajonov esa AKFA deraza va eshik romlari, temir eshiklar ishlab chiqarish sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish arafasida turibdi.

“Yoshlar oyligi” munosabati bilan Sanobarxon Jumaboyevaning murojaati ham ijobiy hal etilib, subsidiya asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan tikuv mashinasi olib berildi. Ayni paytda Sanobar Jumaboyeva o‘zi tengi qishloq yoshlariga chevarlik sirlarini o‘rgatishni boshlab yubordi.

Xursand Shukurullayevning faoliyat ko‘lami juda keng va serqirra. U o‘z faoliyatida “Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti” shioriga amal qiladi. Ayni kunlarda esa maktablarda yozgi ta’til boshlanishi munosabati bilan 16 00dan keyin ovul hududidagi umumta’lim maktablarining sport zallari, ochiq stadionlarida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan turli sport musobaqalarini tashkil etish, kutubxonalarda kitobxonlik tadbirlarini o‘tkazish orqali yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, Choyko‘l madaniyat markazida tashkil etilgan to‘garaklar a’zolari ishtirokida ko‘ngilochar konsert dasturlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois, ovul yoshlari orasida ilmga intiluvchan, tashabbuskor va izlanuvchan yoshlar safi tobora oshib bormoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.