Tuman hokimining qipchoqlik yoshlar bilan uchrashuvi ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

8 iyun kuni Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimining Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini va Qipchoq shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov hamda faol yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tarixan qisqa davrda O‘zbekiston yoshlari erishgan muvaffaqiyat va yutuqlar zamirida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor mujassam ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, “Iyun oyi – yoshlar oyligi” doirasida yoshlar manfaatiga xizmat qiluvchi ko‘plab yirik amaliy loyihalar, turli xil intellektual tanlovlar, seminar va uchrashuvlar, biznes-marafonlar, sport musobaqalari hamda gala konsertlar o‘tkazish rejalashtirilganini aytib o‘tdi.

Samimiy va ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarning biznes g‘oyalari, tashabbuslari tinglandi va qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlardan ayrimlari tuman hokimiga murojaat qildi.

Jumladan, Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Feruza Sabirova o‘z tadbirkorlik faoliyatini tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha boshlash niyati borligini va subsidiya asosida tikuv mashinasi olish istagi borligini aytib murojaat qilgan bo‘lsa, yana bir bo‘lg‘usi tadbirkor Sanobar Matkarimova o‘z mahallasi hududida go‘zallik saloni ochish niyati borligini bildirib zaruriy jihozlar uchun subsidiya ajratilishida amaliy yordam so‘radi.

Undan tashqari, mahallada istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlardan birining onasi Ozoda Safarbayeva ham farzandining operatsiyasi uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Tuman hokimi Qipchoq ovuli yoshlari tomonidan kelib tushgan hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligini, mazkur murojaatlar biroz vaqt talab etani uchun albatta o‘rganib chiqilib ijobiy hal qilinishini ma’lum qildi.

Uchrashuvda Qipchoq shaharchasi hududida istiqomat qiluvchi yoshlar ham o‘z taklif va muammolari bilan tuman hokimiga murojaat qildilar.

Shu mahallaning faol yoshlaridan biri Ulug‘bek Murodov subsidiya asosida motokultivatorga ega bo‘lsa hamqishloqlariga beminnat xizmat ko‘rastishni, Gulbarchin Kamolova esa subsidiya asosida tikuv mashinasi olib ayol-qizlarga bejirim liboslar tikib berishni maqsad qilishganini aytib murojaat qilishdi.

Ushbu yoshlarnning ham murojaati tuman hokimi va tegishli tashkilot mutasaddilari tomonidan qayd etilib tez kunlarda ijobiy hal etilishiga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tuman hokimi barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan “Yoshlar kuni”ni bilan samimiy tabriklab, o‘qish va ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.