MAHALLA YOSHLARINING CHINAKAM DO‘STI

Туман янгиликлари

Mamlakat taraqqiyoti, jamiyat rivoji, xalqimizning munosib turmush sharoitida yashashi va xalqaro maydondagi mavqeining mustahkamlanishi yoshlar ta’lim-tarbiyasi hamda kelajagiga qaratiladigan e’tiborga har jihatdan bog‘liq. Shu bois ovul va mahallalarda faoliyat olib borayotgan yetakchilar hudud yoshlarining muammolarini yaqindan o‘rganib, chinakam do‘sti, yaqinidagi suyanchi va ishonchli hamkori bo‘lishga harakat qilishmoqda, hayotda o‘z yo‘llarini topib olishlariga ko‘maklashishmoqda.

Yangiobod mahallasida 378 ta xonadonda 2220 nafar aholi yashaydi. Hududda 3 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta IT markazi, 3 ta oziq-ovqat do‘koni, 1 ta texnikum joylashgan. O‘tgan yili mahallada ish boshlagan yoshlar yetakchisi Roza Kamolova dastlab uyma-uy yurib, xatlov ishlarini amalga oshirdi. Xatlov davomida 14-30 yosh oralig‘idagi yoshlar 505 nafarni tashkil qilishini, ushbu yoshlarning 72 nafari oliy ta’limda, 29 nafari professional ta’limda, 35 nafari bola tarbiyasidaligi, 59 nafari rasmiy va 129 nafari norasmiy bandligi aniqlangan. Ishsiz yoshlar soni 43 nafarni, xorijiy davlatlarda ishlash maqsadida ketgan yoshlar soni 37 nafardan iboratligi ma’lum bo‘ldi.

Yoshlar yetakchisi Roza Kamolova oldin 82-sonli maktabda yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlab tajriba orttirgani sababli qisqa fursat ichida samarali chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yib, ko‘plab yoshlarga amaliy yordam berishga ulgurdi. U o‘z ishini birinchi muammoli yoshlar ro‘yxatini shakllantirishdan boshladi. “Yoshlar daftari”ga 29 nafar yoshlarni kiritib, ularga manzilli yordam ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘ydi. Mahalla yoshlarining muddatli harbiy xizmatni o‘tashi, haydovchilik kurslarida o‘qishi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan mablag‘ ajratilishiga ko‘maklashdi. Bundan tashqari, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan yoshlarga subsidiya asosida tikish mashinasi va imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minladi. Dehqonchilik qilish istagi bo‘lgan yoshlarga 10 yil muddatga ijaraga bepul ekin maydonlari ajratib berildi. Oliy ta’limda to‘lov-shartnoma asosida ta’lim olib, pullarini to‘lashda qiynalayotgan 12 nafar talaba yoshlarga ham jamg‘arma tomonidan shartnomasida ko‘rsatilgan mablag‘ning 50 foizgacha bo‘lgan qismi to‘lab berilishida yordam ko‘rsatildi.

Joriy yilda yana 8 nafar yoshlarga turli masalalar bo‘yicha muammolarini hal qilishda yaqindan yordam ko‘rsatildi. Ulardan Shahlo Qodirova imtiyozli kredit olib go‘zallik salonini tashkil qildi. Shuningdek, 6 nafar talaba-yoshlarning oliy ta’limda o‘qishlari uchun to‘lov shartnoma pullari to‘lab berildi. Mahallada Sharofat Adilova, Husan Qurboniyozov, G‘ofurjon Egamberganov, Manzura Qodirovalarga jami 126 mln. so‘mlik imtiyozli kredit olib, o‘zini o‘zi band qilishlariga ko‘maklashildi. Klara Rajabovaga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. Moddiy ahvoli qiyin bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Dinora O‘rozboyeva bir martalik moddiy yordam hamda subsidiya asosida elektron pech, Bektursun Shomurodovga mehnat qurollari bilan ta’minlandi. O‘tgan yil mobaynida Yangiobod mahallasida daftarga kiritilgan yoshlar uchun jamg‘arma hamda tijorat banklari tomonidan jami 152 mln. 234 so‘mlik mablag‘lar ajratildi.

O‘zlariga yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanayotgan mahalla yoshlari besh tashabbus olimpiadasida tumanda faxrli o‘rinlarni olishga erishishdi. “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovining 1-mavsumida Qoraqalpog‘iston bosqichida faol ishtirok etishdi, 3-mavsumda esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritish nasib qildi. Kasblar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ham mahalla yoshlari oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha tumanda 1-o‘rinni egalladi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Mahallalardagi yetakchilar o‘zlariga bildirilgan katta ishonchni oqlash maqsadida yoshlarni yangi-yangi yuksak marralar sari boshlashmoqda. Yangiobod mahallasi yetakchisi Roza Kamolova ham o‘z hududi yoshlarining hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.

O.Xudoyberganova.