Xotin-qizlar faoli ayollarning haqiqiy ko‘makchisiga aylangan

Туман янгиликлари

Ovul va mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilganiga bir yildan oshig‘roq vaqt bo‘ldi. Shu davr mobaynida Amudaryo tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagidagi ko‘plab xotin-qizlarga yoramlar ko‘rsatilib muammolari ijobiy hal etildi. Bu boradagi ishlarning tizimli va samarali yo‘lga qo‘yilishida albatta, mahallalardagi xotin-qizlar faollarining xizmatlarini e’tirof etmoq lozimdir.

Amudaryo tumani markazidan olisroqda joylashgan Xizr eli mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar faoli Gulnora Matniyazova ham o‘z faoliyati davomida xonadonma-xonadon yurib, hudud xotin-qizlarining turmush tarzi, turli yosh toifasidagi ayollarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgangan holda yordamlar ko‘rsatib kelmoqda.

Mahallada joriy yil boshidan “Ayollar daftariga” 107 nafar ayollar qamrab olindi. Ushbu ayollarga “Ayollar daftari”ga kiritish toifalari bo‘yicha turli ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, xotin–qizlar faoli Gulnora Matniyazova hokim yordamchisi Anvar Tajiboyev bilan birgalikda hamkorlikni samarali tarzda yo‘lga qo‘yib ishsiz ayollarga imtiyozli ravishda kreditlar ajratilishiga va bandligi ta’minlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, mahalladagi 11 nafar ayolga o‘z ehtiyojlari uchun imtiyozli ravishda kreditlar ajratilib elektromotatsikllar berildi.

Mahalla ahlining tinib-tinchimasligi, mehnatkashligi, qolaversa, xotin-qizlar faolining o‘z kasbiga fidoiyligi sabab shahar hududlardagi barcha sharoitlar shu yerning o‘zida yaratilishiga erishilgan.

Mahallada istiqomat qiluvchi Dilbar Xo‘janova “Xizir eli shirinliklari” nomi ostida non va qandolat sexini ochib o‘zining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Shundan buyon mahalla ahli ortiqcha ovvoragarchilikdan qutildi. O‘z uyidan bir chaqrim ham nari ketmay to‘y va bazmlar uchun non va non mahsulotlarini, shirinliklarni shu yerning o‘zidan xarid qiladigan bo‘ldi. Tadbirkor ayol avvalo o‘zining, qolaversa ikki nafar ishsiz kelinlarini ham ish bilan ta’minladi.

Mahalladagi ishsiz ayollardan yana biri Dilbar Abullayeva ham “Ayollar daftari”ning 6-toifasiga kiritilgan edi. Ayolga 2022 yilning dekabr oyida subsidiya ajratilib, 1 sotix tomorqa yeriga issiqxona qurib berildi. Xozirgi kunda u issiqxonadan kattagina daromad olib kelmoqda.

Mahallada parrandachilik yo‘nalishi bo‘yicha ham o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayollar talaygina. Shulardan biri Hayitjon Jumashevadir. Unga xotin-qizlar faolining ko‘magi bilan 5 mln. so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratildi. U bu mablag‘ evaziga o‘z uyida inkubatsiya tashkil qilib, mahalladoshlarini parranda go‘shti va tuxumi bilan ta’minlab kelmoqda.

Xizr eli mahallasida ayollar uchun go‘zallik saloni yo‘qligi xotin-qizlar faolini qiynab kelardi. Bu sohaga qiziqishi kuchli bo‘lgan mahalladoshi Mohira Shamurodova bilan yaqindan suhbatlashib, go‘zallik saloni ochishiga yordam berdi. Mohira Shamurodovaga hokim yordamchisi Anvar Tojibayevning tavsiyanomasi ososida 33 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratildi.

Biz ijodiy guruhimiz bilan bugungi kunda mahalla ahli o‘z ehtiyojlari uchun shaharga borib kelishi shart emasligini, hamma sharoit va imkoniyatlar shu kichik qishloqning o‘zida mavjud ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Xotin-qizlar faolining esa har bir oilaning dardi va quvonchiga sherikligi, har qanday muammoni mahallaning o‘zida hal qilishga intilishi, ayollarning muammosi uning ham muammosi ekanligi bir kundik ish faoliyati davomida o‘z isbotini ko‘rsatdi.

Oramizda Gulnora Matniyazova singari o‘z kasbiga fidoiy mahalla tizimi xodimlari ko‘payaverishiga tilakdoshmiz!

Tuman hokimligining Axborot xizmati