Davlat xavfsizlik xizmati Raisi kubogi musobaqasining tuman bosqichi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi

Туман янгиликлари

14 iyun kuni Davlat xavfsizlik xizmati Raisi kubogi uchun o‘tkazilgan futbol va mini futbol bo‘yicha musobaqalarning Amudaryo tumani bosqichi g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati Amudaryo tuman bo‘linmasi boshlig‘i Sanjar Nazarov, tuman hokimi o‘rinbosarlari, g‘olib va sovrindor jamoalar, yoshlar yetakchilari, faol yoshlar ishtirok etishdi.

Tantanali taqdirlash marosimida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa yoshlar orasida sportni va sog‘lom turmush tarzini tobora ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida aytib o‘tdi. Shuningdek, tuman hokimi o‘z so‘zida ushbu bosqichga yetib kelib, unda muvaffaqiyatli qatnashgan va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarni qizqin tabriklab, keyingi – hududiy va Respublika bosqichlarida ham omad tiladi.

Aytish kerakki, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida Respublikamizning barcha hududlarida Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Amudaryo tumanida ham joriy yilning 12 aprel kuni mazkur musobaqaga start berilgan edi. Shu kundan boshlab mahalla yoshlaridan iborat jamoalar sprotning futbol va mini futbol turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Ahamiyatlisi, shiddatli va murosasiz kechgan ushbu musobaqalar qizlar o‘rtasida ham o‘tkazilib, ular ham musobaqalarda munosib ishtirok etishdi.

Futbol bo‘yicha saralash, sektor bosqichlaridan muvafaqqiyatli o‘tib, tuman bosqichiga yetib kelgan jamoalar o‘rtasidagi bellashuv 27 may kuni Do‘stlik mahallasi hududidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli maydonda bo‘lib o‘tgan edi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqasining tuman bosqichida mutloq g‘oliblikni To‘lqin ovuli yoshlari egallashgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa kuyuk-ko‘pirlik yoshlar jamoasi munosib deb topildi. Uchinchi o‘rinni esa Xolimbeg ovuli yoshlari egallashdi.

Mini futbol bo‘yicha esa, Bo‘ston mahallasi yoshlari faxrli birinchi o‘rinni, Xizir eli mahallasi yoshlari ikkinchi o‘rinni, Daryobo‘yi mahallasi yoshlari esa uchinchi o‘rinni egalladilar.

Qizlar o‘rtasida kechgan shiddatli musobaqalarda oq-oltinlik qizlar birinchi o‘rinni, Qilichboy ovuli qizlari ikkinchi va Xolimbeg ovuli qizlaridan iborat jamoa uchinchi o‘rinni egalladi. Futbol musobaqasida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar hududiy bosqichda qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Taqdirlash marosimida g‘olib jamoalarga Davlat Xavfsizlik xizmati Raisi kubogi tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, tuman bosqichi g‘oliblarining har biriga qimmatbaho sovg‘alar, medal hamda tashakkurnomalar topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar jamaolarning huduiy va respublika bosqichlarida ham faxrli birinchi o‘rinni olishlariga tilakdoshlik bildirib, omad tilashdi. Taqdirlash marosimida tumanimizning taniqli estrada yulduzlari tomonidan konsert dasturi namoyish etilib, yoshlarga xush kayfiyat ulashildi.

 Yoshlar ona Vatan, do‘stlik, sevgi va muhabbat tarannum etilgan go‘zal qo‘shiqlarga raqsga tushdilar. Tantanali taqdirlash marosimi barcha yoshlar dilida o‘chmas tassurotlar qoldirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.