TUMAN HOKIMI BOSUV MAHALLASI YOSHLARI BILAN UCHRASHDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq mamlakatimiz ovul, mahalla, shaharchalarida yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi tufayli yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, mahalla hududida, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yish imkoni yaratildi.

Yoshlar yetakchilari zimmasiga hudud yoshlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari”, “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ishlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklandi. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual jihatdan kamol topishini ta’minlash ham shular jumlasiga kiradi.

Yoshlar yetakchilarining bu boradagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish, yoshlar masalalari bilan shug‘ullanish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi tuman, shaharlar hokimlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Amudaryo tumanida ham qaror ijrosini ta’minlash borasida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Joriy yilning 15 iyunida Bosuv mahallasida o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi ham shu maqsadga qaratildi.

Uchrashuv hududdagi 26-sonli maktabning fayzli hovlisida tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari Agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, Bosuv mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Erkin Eshmurodov, xotin-qizlar faoli Dilfuza Abdullayeva, hokim yordamchisi Akbarjon Xo‘jamurodov, yoshlar yetakchisi Nigora Bozorboyevalar ishtirok etdilar. Shuningdek, 50 nafardan ortiq mahalla yoshlari, ushbu ta’lim muassasasini bitirib, parvozga shaylanayotgan palaponlar, maktab o‘qituvchilari qatnashdilar.

Uchrashuvni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va yig‘ilganlarni Yoshlar oyligi, 30 iyun – Yoshlar kuni bilan qizg‘in qutladi. Yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, sharoitlar haqida batafsil gapirdi. Shuningdek ta’lim-tarbiya ishlarini namunali tashkil etib, iqtidorli, ilmga intiluvchi yoshlarni kamolga yetkazayotgan maktab o‘qituvchilar jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, joriy o‘quv yilida maktabni bitirayotgan Nurshoda Sa’dullayeva, Shohida Nurullayevalarni bilim darajasini belgilash uchun test sinovlaridan o‘tib, milliy, xalqaro sertifikatlarni olishga erishganliklari bilan qutlab, ularga va barcha bitiruvchilarga oq yo‘l tiladi.

Shundan so‘ng Sultonboy Yo‘ldashev mahalla yoshlari bilan yuzma-yuz muloqotga kirishdi. Mahalla yoshlaridan G‘ulomjon Karimov haydovchilik kursida o‘qish badalini to‘lashda, Risgul Bidasheva subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda, joriy yilda oliygohni tugatgan Yulduz Karimova ishga joylashishda, Qoraqalpoq Davlat Universiteti 3-bosqich talabasi Muhayyo Mirzayeva oliygoh shartnoma pulini to‘lashda yordam so‘rab murojaat qildilar.

Uchrashuvda yoshlarning murojaatlarini hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berildi.

Yuzma-yuz samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv Bosuv mahallasi yoshlari hayotida ijobiy o‘zgarishlar yasaydi, albatta.

Oygul RAJABOVA.