Umumta’lim maktabni oltin hamda kumush medallar bilan tugatgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani singari Amudaryo tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham bitiruvchi sinf o‘quvchilari yakuniy imtihonlarni tamomlab, katta hayotga yo‘llanma olmoqdalar. 2 ming 704 nafar amudaryolik o‘quvchi-yoshlar mehribon ustozlari, qadrdon maktabi bilan xayrlashib, oliy ta’lim dargohlariga hujjat topshirishmoqda.

19 iyun kuni tuman hokimligi binosida 2022-2023 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini oltin va kumush medallar bilan tamomlagan hamda fanlar olimpiadasi va turli tanlovlarda muvaffaqiyatga erishgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, maktab direktorlari hamda ota-onalar ishtirok etishdi.

Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yilida Amudaryo tumani bo‘yicha 36 nafar o‘quvchi maktabni oltin va 11 nafar o‘quvchi kumush medal bilan bitkazdilar. Undan tashqari, 50 nafar o‘quvchi ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha Xalqaro B2, 5 nafar o‘quvchi esa Xalqaro S1 sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1 nafar bitiruvchi asosiy fanlar olimpiadasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi sovrindori bo‘ldi.

Tadbir davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, bitiruvchilarni maktabni muvaffaqiyatli tugatgani bilan tabriklab, o‘zlari sevgan va tanlagan kasb-hunarlarni va mutaxassisliklarni egallab, Vatanimiz koriga yaraydigan munosib farzand bo‘lishlariga ishonch bildirdi.

 Shuningdek, tuman hokimi bilimdon o‘quvchilarning maktab direktorlariga, ularga ta’lim va tarbiya bergan fidoiy o‘qituvchilar hamda ota-onalarga minnatdorchilik bildirib, bundan keyin ham barkamol avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazishlarida kuch-g‘ayrat tiladi.

Tadbirda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirasi Saida Sadikova bitiruvchi yoshlarni yetuklik shahodatnomalarini olib, katta hayotga qadam tashlaganliklari bilan qutlab, keyingi o‘qish va ishlarida omad tiladi.

40-sonli maktab direktori Sanobar Xo‘jamuratova esa bitiruvchi yoshlarni yillar davomida qunt bilan bilim olib, ota-onasi, ustozlarining ishonchini oqlagani, oltin, kumush medallar sohib va sohibalari bo‘lgani bilan muborakbod etib, taqdirlanayotganlar tumandagi 2 ming 704 nafar bitiruvchilar orasida eng bilimli, zukko o‘quvchilar ekanini ta’kidladi.

31-sonli maktab direktori Nilufar Davletova esa barcha bitiruvchilarning keyingi hayotlarida faqatgina muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini, yurtimizdagi eng nufuzli korxona va tashkilotlarda ish boshlab, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib yetishishiga tilakdoshlik bildirdi.

Shundan so‘ng, “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti” sohibasi Barno Samandarova tengdoshlariga o‘zining erishgan muvaffaqiyatlari, yutuqlari haqida gapirib, maktabni tugatgandan keyin ham o‘qib bilim olishdan aslo charchamasligini, boshqa o‘quvchilar ham Oliy ta’lim talabasi bo‘lganidan so‘ng, yuqori marralarni zabt etishlariga tilak bildirdi.

Tantanali taqdirlash marosimida oltin medal sohib va sohibalari ham so‘zga chiqib, erishgan muvaffaqiyatlari haqida barcha tengdoshlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir yakunida o‘quvchilarga oltin hamda kumush medallar, tashakkurnomalar, qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi.

Bitiruvchilar o‘zlariga bildirilgan bu kabi yuksak e’tibordan mamnun bo‘lib, bildirilgan ishonchni oqlashga va’da berdilar.

O‘ylaymizki, yoshlarimiz Prezidentimiz ishonch bildirganlaridek, mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar asosida yetuk mutaxassislar bo‘lib, Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shadilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati