NAZARXONLIK FUQARO 17 YOSHIDA TUG‘ILGANLIK HAQIDAGI GUVOHNOMASI VA SHAXSINI TASDIQLOVCHI ID KARTASINI OLDI

Туман янгиликлари

Tumanimizning chekka hududidagi Nazarxon ovulining Bekbay aholi punktida yashovchi fuqaro Yeshchanova Juldiz Gabit qiziga 17 yoshga to‘lguniga qadar tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olish muammo bo‘ldi. Yillar davomida yechimsiz bo‘lib kelgan ushbu muammo Amudaryo tumani hokimi, Bolalar masalalari bo‘yicha Amudaryo tuman komissiya raisi Sultonboy Yo‘ldashev hamda hokimlikning Bolalarni himoya qilish sho‘basi rahbari Jahongir Xolmurodovlarning tashabbusi bilan bartaraf etildi va fuqaro bir kunning o‘zida ham tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini, ham shaxsini tasdiqlovchi ID kartasini olishga muvaffaq bo‘ldi.
Yeshchanova Juldizning ota-onasi 2004 yilda sha’riy nikohdan o‘tib turmush qurgan va birgalikdagi turmushlaridan 2 nafar farzand tug‘ilgan. Shundan Juldiz ismli ikkinchi farzandi 2006 yil 16 fevral kuni uy sharoitida tug‘ilgani sababli tuman FHDYO bo‘limida qayd etilmasdan qolgan. Oiladagi e’tiborsizlik va moddiy imkonsizlik tufayli bugungi kunga qadar Juldiz tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasisiz, ya’ni shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz yashab kelgan. Buning natijasida qizning maktabni bitirsa ham shahodatnoma va 16 yoshga to‘lganida beriladigan shaxsini tasdiqlovchi ID kartasini olish bilan bog‘liq huquqi cheklanib qolgan.


Shunga ko‘ra, ushbu holat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqildi va hal qilish choralari ko‘rildi. Tartibga ko‘ra Juldizning shaxsini tasdiqlovchi hujjat olishida asos bo‘ladigan tug‘ilganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli bu ish sudda ko‘rildi. Sud tomonidan qizning haqiqatan ham onasi Jamiyeva Zamira Jumabayevna tomonidan tug‘ilganligi faktini aniqlash lozim deb topilib, odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini tayinlash bo‘yicha qaror chiqarildi.
Vaqt va mablag‘ talab qiladigan ushbu ishda tuman hokimi, Bolalar masalalari bo‘yicha tuman komissiyasi raisi Sultonboy Yo‘ldashev hamda hokimlikning Bolalarni himoya qilish sho‘basi rahbari Jahongir Xolmurodovlar oilaga yaqindan yordam ko‘rsatishdi. Ularning tashabbusi bilan tuman hokimligi tomonidan 3 mln. 030 ming so‘m mablag‘ ajratilib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida o‘tkazilgan ekspertiza xarajatlari qoplab berildi. Tuman FHDYO bo‘limiga kerakli hujjatlar taqdim etilganidan keyin Yeshchanova Juldiz Gabit qiziga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi rasmiylashtirildi.
Ushbu xayrli ishga tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi mas’ullari ham bosh qo‘shib, Juldizga 16 yoshga to‘lganida beriladigan shaxsini tasdiqlovchi ID kartasini rasmiylashtirib berishdi. Uzoq yillardan beri oilani qiynab kelayotgan ushbu muammo bartaraf etilganidan, mutasaddilar ko‘magida bir kunning o‘zida shaxsini tasdiqlovchi 2 ta hujjatga ega bo‘lgan Juldiz va uning ota-onasi juda xursand bo‘lishdi. Bu ishda yaqindan yordam bergan mas’ullarga katta minnatdorchilik bildirishdi.


O.Xudoyberganova.