“Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichi g‘oliblari taqdirlandi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda alohida iqtidorga ega qobiliyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqish va intilishlarini  rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha turli xil tanlov va musobaqalar tashkil etilib, mazkur tadbirlarda millionlab yoshlar qamrab olinmoqda.
Xususan, ushbu tanlovda Amudaryo tumanining turli ovul va mahallalarida istiqomat qiluvchi faol va qobiliyatli yoshlar ham faol  ishtirok etishmoqda. Tanlovlarda eng iqtidorlilar saralanib, keyingi bosqichlarga yo‘llanmani qo‘lga kiritishmoqda.
 21 iyul kuni “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov hamda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 234 nafar tuman bosqichi g‘oliblari, faol yoshlar ishtirok etdilar. Taqdirlash marosimida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilayotgan tanlovlar va sport musobaqalarining ahamiyati, yoshlar tarbiyasida tutgan o‘rni haqida to‘xtalib, olimpiadaning tumanda ko‘tanrinki ruhda o‘tkazilganini, unda eng iqtidorli yoshlar ishtirok etishganini, yoshlarning ijtimoiy faolligi tobora oshib borayotganini qayd etib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning o‘qib bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar xususida aytib o‘tishdi.
Taqdirlash marosimida sportning stol tennis, shashka, Workout, stritbol, yengil atletika, kiber sport, gimnastrada sport turlari va yoshlar raqs festivali tanlovi g‘oliblaridan tashqari,  para stol tennisi, para shaxmat, para yengil atletika, para kiber sport g‘oliblari ham taqdirlandi.
Aytish kerakki, bo‘lib o‘tgan tanlovlarning tuman bosqichi g‘oliblari Baxram Bayjanov, Ra’no Boltaboyeva, Tamara Yusupova, Farida Matrizayeva, O‘ringul Xudaybergenova, Nasiba Yeshchanova Dilfuza Babajanova kabi hakamlar tomonidan adolatli tarzda aniqlandi.
Tanlovlarning tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar ayni kunlarda hududiy va respublika bosqichlarda ham faol ishtirok etishmoqda.
Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindor yoshlar tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev va sektorlar rahbarlari tomonidan 1-,2-,3-darajali diplomlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Mazkur musobaqalar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ijtimoiy faolligini oshirish, ularni ilm-fan, sport, san’at, madaniyat, kitobxonlik, axborot texnologiyalari sohasiga oshno qilish kabi maqsadlarda o‘tkazilmoqda.
Kelajagimiz egalarining bilim va salohiyatini rivojlantirish, dunyoqarashlarini kengaytirishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlovlar va sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar millionlab yoshlarni bir ezgu maqsad – Yangi O‘zbekistonda yangicha fikrlash, istiqlolni yanada mustahkamlash yo‘lida birlashtirgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.