Qishloq xo‘jaligida aholi bandligini oshirish bo‘yicha Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligida aholi bandligini oshirish va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi mas’ullari Najmaddin Mirabdullayev va Mexriddin Muhammadiyevlar tumanimizda bo‘lishdi.
Mas’ullar dastlab tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Polvonov hamrohligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryo tomorqa xizmat” klasterida bo‘ldilar.
Jamiyat rahbari Ozod Qurbonbayev “Amudaryo tomorqa xizmat” klasterining asosiy vazifasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Keltirib o‘tilganidek, ushbu klaster tashkil etilishi uchun 5 mlrd 27 mln. so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Bungi kunda klasterda 12 ta yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib muzlatgich ombori, sutni qayta ishlash, saralash, qadoqlash, quritish sexlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Undan tashqari, “Amudaryo tomorqa xizmat” klasterida chorva mollarini sun’iy qochirish, issiqxonada ko‘chat yetishtirish, issiqxona tashkil etish istagidagi fuqarolarga issiqxona qurib berish, kredit evaziga motokultivator olishlariga ko‘maklashish, ko‘chat va urug‘liklar bilan ta’minlash umuman, aholining tomorqasini rivojlantirish uchun qanday amaliy yordamlar zarur bo‘lsa beminnat xizmat ko‘rsatiladi.
Shundan so‘ng, mas’ullar Tosh yop ovul fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi, 30 tonna hajmdagi muzlatgich omborini tashkil etgan tashabbuskor Sherzod Allamberganov bilan suhbatlashdilar. Tashabbuskor ushbu muzlatgichda meva-sabzavotlarni saqlash tartibi, muzlatgichning avzalliklari, olinayotgan sof daromad haqida batafsil ma’lumot berdi. Tashabbuskor Sherzod Allamberganovga muzlatgich omborini yanada kengaytirish bo‘yicha maslahatlar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida mas’ullar Oq oltin ovulida istiqomat qiluvchi “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni sohibi Qurolboy Kamolovning tomorqasi bilan tanishish maqsadida uning xonadonida bo‘ldilar. Unchalik ham katta bo‘lmagan tomorqasidan unumli foydalanib 20 dan ziyod ekin turlarini yetishtirayotgan tomorqa egasi tomorqasi tufayli kattagina daromad olayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Albatta, zaminimiz serhosil. Tuproq-iqlim sharoiti to‘rt faslda ham sabzavot ekinlari yetishtirish uchun g‘oyat qulay hisoblanadi. Yerga tayoq qadasang ko‘karadi. Mavjud yerda mehnat qilib, piyoz, sabzi, kartoshka, sarimsoqpiyoz yoki turli ko‘katlarni ekib, ro‘zg‘orda foydalanish koni foyda. Aslida bular, faqatgina oziq-ovqat mahsuloti bo‘lmay, inson salomatligi uchun ham foydali sabzavotlar hisoblanadi.
Qolaversa, jismoniy faollik, bundan tashqari, tomorqaning obod bo‘lishi, natijada qo‘shimcha daromad.
Tomorqadan samarali va unumli foydalanib, yil davomida bir necha marotaba hosil olish imkoni mavjud. Amudaryo tumanida mana shunday fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari ko‘plab topiladi. Sababi, Amudaryo tajribali dehqonlar maskani.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.