Amudaryoda yoshlar kuni munosib nishonlandi

Туман янгиликлари

30 iyun – Yoshlar kuni. Yangi O‘zbekistonda kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida e’lon qilingan shukuhli bayram. Bundan roppa-rosa olti yil muqaddam Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar harakati qurultoyida qatnashib, 30 iyun sanasini mamlakatimizda Yoshlar kuni, deb e’lon qilishni taklif etgan edi. Shundan buyon ushbu sana yurtimizda katta bayram sifatida nishonlanib kelmoqda.
Amudaryo tumanida ham sana munosabati bilan katta tadbir tashkil etildi. 24 iyun kuni Do‘stlik mahallasi hududidagi Bolalar, o‘smirlar sport maktabida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan katta gala konsertda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ham ishtirok etib  “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 10 nafar yoshga motokultivator, 40 nafar ayol-qizlarga tikish mashinalarini topshirdi.
Shundan so‘ng,  tuman hokimi barcha yoshlarni bayram bilan qizg‘in tabriklab ularning o‘qish va ishlarida katta muvaffaqiyatlar tiladi. Tuman hokimi o‘zining tabrik nutqida yurtimizda keyingi paytda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani yoshlarning ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganini, zamonaviy, demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etishda navqiron avlodimizning munosib ishtirok etayotganini e’tirof etib o‘tdi.
Darhaqiqat, Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmog‘ini olmaylik, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik asosiy o‘ringa ko‘tarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Tadbirda tumanimizning taniqli estrada yulduzlari tomonidan yoshlik, ona Vatan, mehr-u muhabbat, do‘stlik va sadoqatni tarannum etuvchi go‘zal kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Aytish kerakki, bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat ko‘lami nihoyatda keng. O‘z taqdirini Vatanning porloq kelajagida ko‘ruvchi yoshlar o‘zlarining bor bilim va salohiyatlarini ishga solib yurt taraqqiyoti uchun azmu-shijoat bilan harakat qilishmoqda.
Tumanimizda ham mana shunday imkoniyat va sharoitlardan to‘laqonli foydalanib yuqori marralarni zabt yetayotgan yoshlarimiz talaygina.
Joriy yilda tumanimizda 11-sinf bitiruvchisi Barno Samandarova “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti” sohibasi bo‘ldi. 2022-2023 o‘quv yili yakuni bo‘yicha umumta’lim fanlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgan o‘quvchi yoshlarimizning 36 nafari oltin, 11 nafari kumush medal bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari, 54 nafar bitiruvchimiz ingliz tili bo‘yicha Xalqaro sertifikatlar sohibi bo‘lishdi.
Ta’kidlash joiz, keyingi paytlarda kelajagimiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturi” platformasi hayotga keng tatbiq etildi. Ushbu tizim asosida yoshlarning muammolari imkon darajasida ijobiy hal etilib kelinmoqda.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida o‘tgan 6 oy mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 805 nafar yigit-qizlarning muammolarini hal etish uchun “Yoshlar jamg‘armasi” dan 1 mlrd 557,6 mln so‘m mablag‘ shakillantiridi. Ushbu mablag‘lar hisobidan, “Temir daftar”dagi oila farzandlari bo‘lgan 244 nafar talabaning 560,8 mln so‘mlik kontrakt puli to‘lab berildi. 140 nafar yoshlarga tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishlari uchun 565 mln so‘mlik asbob uskunalar olib berildi. 208 nafar yoshlarimizga 235 mln so‘mlik turli xil ijtimoiy-iqtisodiy yordam turlari ko‘rsatildi.
Mana shunday sharoit va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanib Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish har bir yosh avlodning muqaddas burchidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.