Aholining sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaymoqda

Туман янгиликлари

Tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bugun ustuvorlik kasb etmoqda. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida ichzil islohotlar olib borilmoqda. Natijada, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligi oshmoqda, barcha bo‘g‘indagi tibbiyot tarmoqlari raqamlashtirilmoqda, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta tizimi tatbiq qilinmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etildi. Mazkur amaliyot shu yildan boshlab Toshkent shahri tibbiyot muassasalariga tatbiq qilinyapti. E’tiborlisi, tibbiyot muassasalariga joriy qilingan davlat tibbiy sug‘urtasi bosqichma-bosqich respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda 22 ta xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham joriy etildi. Bu esa, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida davlat mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar olish huquqini bermoqda.
Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021 yildan boshlab, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida aholini 66 turdagi, 2022 yilda esa 120 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda surunkali kasalliklar bo‘yicha “D” nazoratidagi bemorlar elektron retsept asosida dorixonadan bepul beriladigan 11 turdagi dori vositalari bilan ambulator davolash “reimbursatsiya” tizimi joriy etildi. Bunda, asosan, yuqori qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, nafas yo‘llari surunkali kasalliklari bo‘yicha davolanishda fuqarolar uzoqqa bormasdan dorilarini poliklinikaning o‘zida yoki unga yaqin joylashgan dorixonadan olishmoqda.
Bularning barchasi fuqarolarimizning tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat mablag‘lari hisobidan bepul olishga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash imkonini bermoqda.Chunki, aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Bunday, vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgani, ya’ni, barchaga kafolatlangan paket doirasida, sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi, fuqarolar, ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi bo‘lmagan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga davlat g‘amxo‘rlik qilishdan to‘xtamasligini anglatadi.
Buning uchun, albatta mamlakatimizda barcha choralar ko‘rilmoqda. Masalan, sohaga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshdi. Birgina, 2022 yilning o‘zida tibbiyot sohasiga budjetdan 29 trln. so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, bu mablag‘ 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘pdir. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiy buyumlar bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi.
Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligiga bo‘lgan bunday e’tibor natijasida shifo maskanlarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishdan oldin Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya kabi davlatlarning tibbiy sohaga oid tajribasi atroflicha o‘rganildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda maxsus tibbiy sug‘urtalash jamg‘armalari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy maqsadi — bemorlarga sifatli tibbiy va profilaktik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash uchun majburiy tibbiy sug‘urtalash tizimini  moliyalashtirishdir.
Sug‘urta o‘zi nima? Sug‘urtadan aholiga nima foyda? Bu tibbiyot tizimiga nima beradi? kabi savollar tug‘ilishi mumkin. Sug‘urta so‘zi ko‘pchilikda majburiy, foydasiz narsa degan salbiy fikrlar uyg‘otishi tabiiy. Negaki, ko‘p hollarda sug‘urta majburiy bo‘lib, odamlar tegishli miqdorda mablag‘ to‘lab, sug‘urta polislari sotib oladi. Ammo, bugun milliy sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etilgan sug‘urta tizimida aholi pul to‘lamaydi, sug‘urta doirasida har bir fuqaroning salomatligini kafolatlangan paket asosida davlat budjeti mablag‘i hisobidan sug‘urta qilinadi. Bu bilansohaga ajratilayotgan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada oshirishgaerishiladi.
Tibbiyot sohasida sug‘urta tizimining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi  sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini yaxshilash, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilgan holda tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish imkoniyatini yaratadi.Bir so‘z bilan aytganda, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga zamin yaratadi.


Zumrad BЕKATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati