“KASBIM MENING FAXRIM”

Туман янгиликлари

Bilasizmi? Hayot− bir daryo! Inson umrini go‘yoki tog‘liklarda muz va qorlarning erishidan hosil bo‘lgan irmoqlarga o‘xshataman. Qish chekinib bahor nafasi oralagan ayni mahalda, tog‘ cho’qqilarida quyoshning issiq nurlari taftini sipqorib suvga aylanayotgan qor va muzliklar irmoq bo‘lib tepadan pastga shoshiladi. Dastlab, toshlar orasidan sizib o‘tgan suv tomchilari, kichik jilg‘alarga, jilg‘alar sharqirab oqayotgan soylarga, soylar esa daryolarga daryolar esa cheksiz ummonlarga aylanadi. Hayotdan yashashning asl maqsadi qoyalardan sizib tushgan  suvlarni sipqorib ummon bo‘lish emasmi?! Bolaligim Qoraqalpog'iston Respublikasining  Amudaryo tumanida o‘tdi. Ayni shirin xotiralar ham shu yerda kechdi. Yodimda!... Maktabda muallimimiz kelajakda kim bo‘lasiz?- deya savol berganida barcha o’zining qaysi sohada bo‘lishi haqida to‘lqillanib gapirar edi. Ammo aniq kasb tanlashga ulgurmaganim bois bu savolga kelganda “qaysi kasb obro'-e’tiborli kasb?” –deya o‘z-o‘zimga savol berar edim. Hali hayot sag'anasida qanday kasblar borligini bilmaydigan bola emasmizmi, shifokor bo‘laman deb aytar edim. Chunki, mahallamizda oq xalat kiyib yurgan opa-akalarni barcha bolalar juda qattiq hurmat qilar edi. Ehtimol bu hurmatning zamirida “qo‘rquv” bo‘lgandir. Kim ham shifokor bilan yuzlashib muoalaja olishni istar edi deysiz… Ha! men shifokor bo‘laman  deya o‘z fikrlarimni jonlantirar edim. Maktabni a’lo baholarga tugatib endilikda sohalarning qay birini tanlasam ekan deya havotirda qoldim. Negaki, maktabda olgan bilimlarim kasb tanlashdagi fikrlarimni tubdan o‘zgartirgan edi. Kunlarning birida televizor orqali bir taniqli olimning hayot-faoliyatiga oid ko‘rsatuv efirga uzatilyotgan edi. O'sha vaqtlarda bunday jiddiy ko‘rsatuvlarga e’tibor qaratmas edim. Uning kasb tanlash haqidagi fikrlari meni ekran oldiga muhrladi qo‘ydi. Olim kasbiy faoliyat yo‘lida erishgan yutuqlari ustozlari haqida shijoat bilan so‘zlar edi. Bir qarashda ko‘ksini to‘ldirib turgan medallari kishini boshqacha to‘lqillantirdi. Go‘yoki shoda-shoda medallar sohibi, o‘nlab ilmiy risolalar muallifi hamda yuzlab shogirtlarning ustozi bo‘lish naqadar baxt! Shu ko‘rsatuvni ko‘rdimu kelajakda men ham shunday olim bo‘laman, mening ham yutuqlarim, ilmiy kitoblarim hamda shogirtlarim ko‘p bo‘ladi deya niyat qildim.  Buyuk yozuvchilardan biri shunday degan edi: “Hayotda siz uchun eng sevimli bo’lgan kasbni tanlab va siz bir umr ishga bormaysiz”. Agar kishi o’z sevgan kasbida ishlayotgan bo’lsa u hech qachon har ertalab o’zini ishga ketayapman, deb hisoblamaydi. O’z sevgan kasbi bilan shug’ullanish kishiga zavq, xursandchilik, shijoat, rag’bat hamda ma’naviy ozuqa beradi. O’zi yoqtirgan ishni qilayotgan kishi vaqt qanchalar tez o’tib ketganligini sezmay qoladi, u hech qachon bajarayotgan ishidan charchamaydi. Axir olimlarda shunday hayot tarzi emasmi? Shu qiziqishlarim hamda ko‘p yillik urinishlarim  Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti gidrometeorologiya yo‘nalishiga yetakladi. 2017-yilda talabalik baxtiga musharraf bo‘ldim! Endilikda oldimda universitetning eng zukko va bilimdon talabasi bo`lishdek maqsadim paydo bo‘ldi. Birinchi kursligimda tanlagan sohamda yetuk mutaxassis bo‘lishga kun sayin dars mashg‘ulotlaridagi qiyinchiliklar tufayli ishonchim yo‘qolib bordi. Ammo hazrat Jaloliddin  Rumiyning  “Ichingdagi ichingdadur” kitobini o‘qib o‘zim uchun motivatsiya oldim. Atrofimga qaradim va xulosa qildim. Hozirda talabalik baxtini orzu qilib yurgan qanchadan-qancha  yoshlar borligiga razm soldim xulosalar yasadim. Axir, bugun dunyo bo’ylab qanchadan-qancha kishi zavod-fabrikalarda, idoralarda, avtomobillarda, ish maydonlarida ish vaqtining tezroq tugashini intizorlik bilan kutib, tushlik vaqtining tezroq kelishi ilinjida soatga ma’yus termulib o’tirishadi. Bu toifadagi kishilar, o’z haddi-harakatlaridan ma’lumki, o’zlari yoqtirgan mashg’ulotni o’z kasblari sifatida tanlashmagan. Ya’ni, ular o’zlariga yoqmaydigan kasb bilan shug’ullanuvchi kishilardir. Afsuski ular oily ma’lumotli bo‘lishganida toza-ozoda, dazmollangan kiyimlarda bir stolda o‘trib o‘z ishini sevgan bo‘larmidi?! Bu fikrlarim menga yanada kuch g‘ayrat baxsh etdi. O‘z sohamda respublika va xalqaro anjumanlarda ilmiy maqolalarim bilan ishtrok eta boshladim. Maqsadim gidrometeorologiya sohasida muammolarni aniqlab uni bartaraf etish yuzasidan takliflar mexanizmini ishlab chiqish shu bilan birga kelajakdagi kasbimga o‘z hissamni qo‘shish bo‘ldi. Universitetda fanlarni a'lo o'qish bilan birga, jamoat ishlarida, ommaviy-madaniy tadbirlarda, respublika miqiyosidagi ko'rik-tanlovlarda, musobaqalarda faol qatnashib, ilmiy-amaliy konferensiyalar  va turli mavzudagi tadbirlarda o‘zimning ma'ruzalarim hamda innovatsion takliflarim  bilan faol ishtirok etishda davom etdim va bir nechta sovrinli o'rinlarni egalladim. Olimlikka davogarlik o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi albatta! Endilikda  sohamga doir g‘oyalarimni nafaqat ilm ahli balki keng jamoatchilik e’tiboriga havola etish maqsadida  universitetda o`qib boshlaganimdan publisistik maqolalar yoza boshladim. Ilmiy izlanishlarim namunalari respublika va mahalliy matbuotda, jumladan, “Ustaz joli”, “Saliq janaliqlari”, “Taraqqiyot ko'zgusi”, “Mening oilam”, “Qaraqalpaq universiteti”, “Jetkinshek”, kabi gazeta va jurnallarda muntazam chop etildi.Bu erishayotgan yutuqlarim menga yanada qanot bo‘ldi.Bu barchasi bir tushdek tuyular edi. Ba’zida o‘ylab qolar edim o‘z sohamda yaxshi mutaxassis bo`larmiganman deya … Atrofga qarayman universitetimizda ayrim ustozlarim  «bajarayotgan ishidan katta daromad olsa bo’ldi-da, kasb kishiga katta pul keltirsa bo’lgani, uning qilayotgan ishi o’ziga yoqishi ikkinchi darajali», deb hisoblashadi. Ammo bu borada mening qarashlarim o‘zgacha.  Hech bir kishi kasbidan zavqlana olmas ekan, o’z bajarayotgan faoliyati orqali katta daromadga erisha olmaydi. Balki biror kishi shug’ullanayotgan kasb katta foyda keltiradigan ishdir, balki kimlardir shu kasb ortidan katta daromadga erishayotgandir, ammo bu kasbning egasida o’z ishiga nisbatan qiziqish va zavqlanish bo’lmasa, u hech qachon o’z kasbidan barakat topa olmaydi. Albatta mening qarashlarim. Xalqimizda bir maqol bor “Mehnat qilsang, rohat ko‘rasan” uchinchi bosqich men uchun juda omadli boshlandi “Talabalar festivali-2019”ning “Eng yaxshi tahliliy maqola” nominatsiyasida fahrli 1-o`rin sohibi bo`ldim. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan 1-darajali diplom bilan taqdirlandim. Bu men uchun juda katta motivatsiya bo`ldi yanada o`z ustimda ko`proq ishlash bundanda katta marralarni zabd etish uchun izlanishdi boshladim. “Yil talabasi-2019” Respublika tanlovida qatnashib Respublika bosqichida g`olib bo`ldim. Tanlovdan so`ng universitetimizda ko`pchilik talabalar shu tanlovga qiziqishlari mendan maslahat so`rashni boshlashdi. Men esa oldimga katta maqsadlarni qo`ydim. 2020-yil 26-avgust kuni hayotimda juda quvonchli kun bo`ldi sababi Prezidentimizning qarorlari asosida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Bu mukofot mening shu kungacha erishgan yutuqlarim va kelajakda amalga oshirmoqchi bo`lgan loyihalarim uchun yanada masulyatni ortirdi.. Bu tanlagan sohamda qilayotgan ishlarim, ilmiy izlanishlarim uchun etilgan e’tirof va rag‘bat edi.

Bu imkoniyatlar o‘z sohasida yetuk olim bo‘lishni istagan insonga katta ilmiy imkoniyat bo‘ldi. Universitetni muvofaqiyatli tamomlab 2021-yil Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Geologiya-qidiruv va kon-metallurgiya fakulteti, “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi "mutaxassisligi magistratura bosqichiga  imtiyozli davlat grandi asosida o`qishga qabul qilindim. Endilikda ilmiy izlanishlarimni shu fakultetda davom ettirib olim bo‘lish ishtiyoqi yangi-yangi marralarni zabt etishga undamoqda. Bugungi kunda ushbu soha doirasida tadqiqot olib borishga muhtoj bir qancha yo‘nalishlar mavjud. Shuning uchun magistraturaning o`qish boshlangandan kafedramiz professori geologiya –minerologiya fanlari doktori, M.M.Zakirovning ilmiy rahbarligida “Orolbo`yi hududlari muhandislik-geologik sharoitlarining antropogen omillar ta’sirida o`zgarishi” mavzusida birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordik va ilmiy maqola va tezislarimiz 15 dan ortiq xalqaro jurnal va konferensiya to‘plamlarida chop etilgan.Mana yaqindagina magistrlik dissertatsiyasini muvofaqiyatli himoya qildim.   Hozirgi kunda oldinda turgan maqsadlarimning eng oliysi o‘zim faxrlanadigan kasbimda yetuk mutaxassis bo‘lish. Men kasbim bilan faxrlanaman! Chunki, geologik, geoekologik muammolarni hozirda tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy geografik va ekologik muammo deb bilish lozim. Geoekologik muammoning vujudga kelishi har qanday sharoitda ham tabiiy geografik qonuniyatlar asosida ro'y beradi. hudud tabiiy boyliklarini iqtisodiyotga jalb etilishi bilan avvalo, tabiiy sharoit o'zgara boshlaydi, so'ng geotizimlarda ma’lum o'zgarishlar ro'y beradi. Bu esa insoniyat uchun katta falokatlarni olib keladi. Maqsadim esa ushbu muamolarni bartaraf etish yaxshi olim bo‘lish.

Ishoning, kasb – bu faqat pul topish usuli emas, balki hayotingizning katta qismini mazmunli o’tkazish vositasi sifatida ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Agar  siz hozirgi yoshingizda kelajakda shug’ullanishingiz uchun kasb tanlayotgan bo’lsangiz, faqatgina bu kasbdan Sizga keladigan moddiy daromadni emas, balki undan olishingiz kerak bo’lgan ma’naviy ozuqani ham hisobga oling. Bordi-yu Siz allaqachon biror kasbga ega bo’lsangiz, ammo bu kasb Sizning sevimli kasbingiz bo’lmasa, qilayotgan ishingizdan zavqlana olmasangiz, o’z bajarayotgan ishingizda xursandchilik, ma’no topishga intiling. Bajarayotgan ishingizdan zavqlanishni o’rganing. Agar buning iloji bo’lmasa, kasbingizni imkon qadar o’zingiz zavqlanib ishlaydigan faoliyat turiga o’zgartirishga harakat qiling. Yuqorida misol keltirganimizdek biz o‘z kasbimizda kichik bir irmoqmiz. Tog’-u toshlar bu hayot qiyinchiliklari…

 Taqdirimiz o‘z qo’limizda tanlagan sohamizda katta bir ummonga aylanib maqsadga yetishimiz yoki kichik bir daydi to‘lqin singari cho‘llarda o‘z o‘zanimizni topa olmay suv singari qurib bitish. Barchasi insonning o‘z qo‘lida.

Prezidentimizning tashabbuslari chekka qishloq farzandining hayotini o‘zgartiryaptimi, demak, yoshlar siyosati chin ma’noda o‘z natijasini beryapti. Davlatimiz rahbarining niyatlari amalga oshyapti. Ularning tashabbuslari o‘z mevalarini ko‘rsatyapti deb bemolol ayta olaman chunki biz yoshlar uchun hozir kunda barcha imkoniyat eshiklari ochilgan.

Raximbayev Otabek Davlatbayevich

“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi