Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi mahalla faollari bilan uchrashdi

Туман янгиликлари

5 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev amudaryolik ko‘cha boshchilari va mahalla faollari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga munosib turmush sharoitlarini yaratish va insonlarning o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lib yashashlari uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

Aytib o‘tish joiz, o‘tgan yillar mobaynida Prezidentimizning alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi sabab qoraqalpog‘istonliklar uchun ko‘plab imtiyozlarga ega yangidan yangi qaror va farmonlar qabul qilindi. 2022 yil 31 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilgan bo‘lsa, shu yilning 25 oktyabr kuni qabul qilingan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan mahallalar obodonlashtirilib, infratuzilmasi yaxshilandi.

Amudaryo tumanida ham mazkur qaror asosida 26 ta obyektda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borildi. 2 ta mahallaning ma’muriy binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Umumiy uzunligi 55,2 km bo‘lgan ichki yo‘llar ta’mirlandi. Elektr ta’minoti, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 mln. so‘mdan ajratildi. Ajratilgan mablag‘larni esa har bir mahallaning o‘zi, o‘z muammolarini hal qilish uchun ishlatishi belgilangan. Albatta, ushbu mablag‘larning qanday maqsadlarga sarflanishi ko‘cha boshchilarining, mahalla faollarining takliflari asosida aniqlanadi.

Ushbu qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahallalarning inftaruzilmasini rivojlantirish, aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va yechimini topish hamda hal qilish maqsad qilingan.

Ko‘cha boshchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv shu yo‘nalishdagi ishlarning amalga oshirilishi uchun zaruriy chora-tadbirlarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuvda faol ko‘cha boshchilari, mahalla faollari so‘zga chiqib, o‘z ovul va mahallalarida, ko‘chalarida amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirgan holda mahalla institutining jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish, aholining birdamligini va yakdilligini ta’minlashda o‘z hissalarini qo‘shishlarini aytib o‘tdilar.

Uchrashuv yakunida yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishga, ularning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga o‘z xissalarini qo‘shgan, uzoq yillar mobaynida ta’lim va boshqa sohalarda faoliyat yuritgan nuroniylar Tursunboy Abdullayev, Jangabay Rajabov, Pardagul O‘razbayevalar “Ardoqli nuroniy” ko‘krak nishoni bilan, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Robiya Yo‘ldasheva esa “Vatan fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati