KO‘CHABOSHCHI AYOLLAR ISHTIROKIDA YIG‘ILISH O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda oilalar tinch-osoyishtaligini ta’minlash, aholi, xususan ayol-qizlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, ularning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlariga erishish borasidagi chora-tadbirlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bugungi kunda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu g‘oya turmushimizning barcha sohalarida o‘zining yaqqol ifodasini topayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining buyrug‘iga ko‘ra, qo‘mita tizimida jamoatchilik asosida “Ko‘chaboshchi ayollar” tuzilmasining tashkil etilgani ham xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirishga, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirishga, ularning muammolarini xonadonboy o‘rganish va hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu maqsadda respublika bo‘yicha mahallalardagi xotin-qizlar faollariga ko‘maklashuvchi jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi 111 ming 241 nafar ko‘chaboshchi ayollar ro‘yxatga olindi. Ular o‘zlari istiqomat qiladigan ko‘chada faol, ko‘pni ko‘rgan, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan faxriy onaxonlardir.

Ularning zimmasiga o‘z hududlaridagi oilalarda notinchliklar yuzaga kelganda bartaraf etishga harakat qilish, bu haqda fuqarolar yig‘inlari mas’ullarini xabardor qilish, aholi, yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, erta nikoh, qarindoshlar orasidagi nikohlarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida asosli targ‘ibotlar olib borish yuklatilgan.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani singari Amudaryo tumanining ovul, mahalla, shaharchalarida ham ko‘chaboshchi ayollar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ko‘chaboshchi qilib ro‘yxatga olingan faol ayollar o‘z hududlarida xonadonboy yurish orqali oilaviy tadbirlarni tartibga solish, mahallaning ichki tartiblarini tushuntirish, oilalar tinch-osoyishtaligiga xavf tug‘diruvchi holatlarning oldini olish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning odobli, ma’naviyatli bo‘lib kamolga yetishiga ko‘maklashish borasida xotin-qizlar faollariga yaqin ko‘makchi bo‘lishayotir.

4 iyul kuni Mang‘it shahridagi Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini binosida mahalla Ko‘chaboshchi ayollari bilan tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova uchrashib, amalga oshirilayotgan ishlar, galdagi dolzarb vazifalar xususida suhbatlashdi.

Uchrashuvda shuningdek, Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Roman Ro‘zmetov, xotin-qizlar faoli Mohira O‘rozboyeva, 11 nafar ko‘chaboshchi ayollar, mahalla faollari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zal Soburova, Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Roman Ro‘zmetov, xotin-qizlar faoli Mohira O‘rozboyevalar ko‘chaboshchi ayollar faoliyatiga yaxshi baho berishib, mamlakatimiz ulkan siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovi arafasida turgan bir vaqtda ularning aholi orasida to‘g‘ri targ‘ibot-tashviqot olib borishlari juda muhim ekanligini ta’kidladilar.

Uchrashuvda ko‘chaboshchi ayollar o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashga so‘z berishdi.

Oygul RAJABOVA.