MATONAT VA JASORAT SOHIBALARI

Туман янгиликлари

Atrofimizda turfa xislatli insonlar ko‘p. Ularga qarab, biriga havas qilsak, yana birlarining hatti-harakatlaridan ajablanamiz. Nega? Chunki tan-joni sog‘, qadamidan o‘t chaqnaydigan insonlarning o‘z huzur-halovatini ko‘zlab, Alloh tomonidan berilgan go‘zal hayot lahzalarini bekorchilik bilan o‘tkazayotganlaridan ko‘nglimiz xijil bo‘ladi. Bunday boqibeg‘am insonlar davlat idoralariga go‘yoki o‘z “haq-huquqi”ni talab qilib, oylab murojaat yo‘llashdan, ovul va mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining qabuliga kelib, moddiy yordam so‘rashdan aslo tortinmaydilar.

Havasimizga, e’tiborimizga munosib insonlar esa hayot go‘zalligini his qilib yashash umr ziynati ekanligini, garchi imkoniyati cheklangan, qaysidir jihatdan nogironligi bor bo‘lishiga qaramay, oldinga intilishga, kelajakka ishonch bilan yaratuvchanlik ruhida yashashga intiladilar va hatto ma’lum yutuqlarga ham erishadilar. Nazarimda bunday ko‘ngli kemtik insonlarning bu kabi fidoyiliklari yuqorida aytganimizday, davlatning cho‘ntagiga ko‘z tikib yashayotgan boqibeg‘am insonlar uchun haqiqiy ibratdir.

Amudaryo tuman Nogironlar jamiyatining a’zolarining hayotdan o‘z o‘rinlarini topib, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari uchun jamiyat raisi Nilufar Xolboyeva doimo izlanishda, harakatda. Nilufarxonning ishning ko‘zini bilib rejalar tuzishi, jamiyat a’zolarining hayotdan rozi yashashlarini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari tufayli Oliy Majlis huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant-loyihalarida qatnashib, bir necha marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va g‘oliblik sertifikati asosida ajratilgan grant-mablag‘larini maqsadli sarflab, rejalashtirilgan loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Natijada jamiyat qoshida tashkil etilgan tikuvchilik, to‘quvchilik, kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘quv kurslarida tahsil olgan jamiyat a’zolari nafaqat o‘zi va oilasi, balki, atrofidagi insonlar, o‘zlari istiqomat qilayotgan ovul va mahallalar hayotiga faol aralashib, o‘zini-o‘zi ish bilan band qilishdan tashqari, ko‘plab yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Jamiyatning faol a’zolaridan biri Yulduzoy Karimova ikkinchi guruh nogironi. U bolaligidan Amudaryo tuman Nogironlar jamiyati raisi Nilufar Xolboyevaning qo‘llab-quvvatlashi, ma’naviy rag‘bati tufayli tumanda bo‘lib o‘tadigan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib keladi. Shu bilan birga jamiyat qoshida tashkil etilgan tikuvchilik kursida bichish-tikish sirlarini mukammal o‘rganib, tikuvchilik bilan shug‘ullana boshladi. Uning tikkan liboslarini “Yulduzoy tikkan”, deya faxrlanib kiyib yuruvchi mijozlari safi oshgan sari u bu yo‘nalishda o‘z bilim va tajribasini boyitishga qaror qildi. 2013-2016 yillarda Toshkent shahridagi imkoniyati cheklanganlar kasb-hunar kollejida tahsil oldi. Zamonaviy va an’anaviy-klassik uslubdagi liboslar tikishni yo‘lga qo‘ydi. Bir yil davomida o‘zi kabi imkoniyati cheklangan, nogironligi bor yoshlarga chevarlik sirlaridan saboq berdi. U: “qo‘limda hunarim bor, topish-tutishim yaxshi”, deb shu yo‘nalish bo‘yicha to‘xtab qolishni xohlamadi. Ayol kishi borki, albatta bichish-tikish hunari uning ikkinchi mashg‘uloti bo‘lishi kerak, degan o‘yda 2019-2023 yillarda Nukus Davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Yaqinda o‘qituvchilik diplomini olgan Yulduzoyning orzulari bir jahon. Maqsadi yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ularni yuksak ma’naviyatli insonlar qilib voyaga yetkazishdek sharafli kasbning qadr-qimmatini o‘z faoliyati orqali oshirib yashash.

Jamiyatning yana bir a’zosi Sevinchoy Tursunboyeva birinchi guruh nogironi. Sevinchoy o‘ziga atrofidagi sog‘lom odamlarning achinish nazari bilan qarashlarini umuman istamadi. Bo‘sh vaqtini kitob mutolaasi, turli suratlar chizish bilan o‘tkazadigan Sevinchoy dizaynerlik yo‘nalishga qiziqib qoldi. U liboslar dizayni bo‘yicha shug‘ullanishdan zavqlanadigan, turli xis rusumdagi, ayniqsa, fasllarga monand liboslar dizaynini yaratish ustida shug‘ullana boshladi. Uning to‘rtta faslga monand liboslar dizayni bo‘yicha to‘plamlarini ko‘rgan jamiyat raisi Nilufar Xolboyeva Sevinchoyning orzulariga qanot bag‘ishladi.

- Sevinchoy, qizim, shu to‘plamlaring bilan dizayn yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovlarda qatnashib ko‘rmaysanmi? – dedi bir kuni bu tirishqoq qizning ijodini ko‘rib quvongan Nilufarxon.

Sevinchoy ikkilanib-ikkilanib 2022 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan dizayn yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovda ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy oldi va ko‘rik-tanlovning qimmatbaho sovg‘alari, faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Uning orzulari ko‘p. Kelajakda dizaynerlik yo‘nalishida o‘qib, oliy ma’lumot olish va o‘z bilimi bilan xalqimizga munosib xizmat qilish.

“Bosuv” mahallasida istiqomat qiluvchi Gulnoza Gulmonova ham birinchi guruh nogironi. Garchi imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da u o‘zini hamisha kuchli va jasoratli insonlar qatorida ko‘radi. Bekorchilikni, loqaydlikni inson umrining egovi, deb bilgan Gulnoza onasi Zevar Gulmonovadan chevarlik sirlarini o‘rganishga kirishganida, avvaliga onasi ham uning sabr-toqat bilan tikuvchilik hunarini egallab olishiga unchalik ishonmagandi. Lekin yoshiga nisbatan jasoratli, matonatli, ayniqsa, kuchli sabr-toqatli bu o‘smir qizaloq onasi ko‘magida quroq tikishni maromiga yetkazib uddalaydigan, hatto yangi-yangi quroq turlarini yaratib, o‘zi mustaqil ravishda ish tikadigan bo‘ldi. Avval o‘zlarining ehtiyojiga ko‘ra, quroq ko‘rpacha, yostiq, dasturxonlar tikkan bo‘lsa, keyinchalik uning ishidan mamnun bo‘lgan qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlarining buyurtmalarini bajaradigan bo‘ldi. U gul-quroq, shaxmat quroq, atirgul quroq, tangacha quroq kabi biri-biridan go‘zal, bejirim quroqlar tikib, tikkan quroqlari bilan dasturxon, yostiq jildlari, divan-kreslo yopqichlarini bezatdi. Tajribasi oshib borgan sari mijozlari safi ham ko‘paydi. Qiz uzatadigan, kelin tushiradigan onalar Gulnoza tikkan ishlarni quvonib-quvonib, “hunaringdan baraka top”, deya olib ketishadigan bo‘lishdi. Ayniqsa, Gulnoza yaratgan “sevgi tumori” deb nomlangan naqshin quroqlar kelin to‘ylarida chimildiqlarni bezatdi.

- Biri-biriga jips, chirmashib ketgan gul quroqlarda ramziy ma’no bor, - deydi Gulnoza. – Ya’ni, oilalar mustahkam, jips bo‘lsin, ikki ko‘ngil biri-biriga chirmashib ketsin, degan ma’noda chimildiq quroq-qoshlarini “sevgi tumori” deb nomlaganman.

Oddiygina mato parchalaridan ham go‘zal ma’no-mazmunlar, mohiyatlar topib, el-yurtning ezgu niyatlariga esh bo‘lib yashayotgan Gulnozaxon, qalblarida aziz xalqiga yaxshilik qilishdek orzulari og‘ushida o‘z umrlarini kasb-korlari bilan bezatib, xalq mehriga sazovor, intilishdan aslo to‘xtamay hayotlarini nurli va go‘zal tomonga o‘zgartirish yo‘lida ba’zi sog‘lom insonlardan-da fidoyilik bilan mehnat qilayotgan Yulduzoy va Sevinchoylarga mustahkam sog‘lik, matonat va jasorat tiladik. Zero, matonatli va jasoratli insonlargagina baxt-u saodat hamisha yor bo‘ladi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA