ICHKI ISHLAR VAZIRI KUBOGI UCHUN VOLEYBOL MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Hozir ayni yoz fasli. Umumta’lim maktablari o‘quvchilarining yozgi ta’til kunlari davom etmoqda. O‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishlarini ta’minlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, turli sport musobaqalari “Uch avlod uchrashuvi” mavzusidagi davra suhbatlari tashkil etilayotgani farzandlarimiz uchun yanada zavqli lahzalarni hadya etmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 8 iyul sanasida Amudaryo ixtisoslashtirilgan maktabida ham o‘tkazildi. Tumanning barcha hududlaridagi ovul va mahallalarida istiqomat qiluvchi 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol sporti bo‘yicha musobaqalar nafaqat ishtirokchi jamoalar, balki tomoshabinlarda ham qiziqarli taassurotlar qoldirdi.

Respublika Ichki ishlar vaziri kubogi uchun bo‘lib o‘tgan 4 bosqichli sport musobaqasining birinchi – tuman bosqichida Amudaryo tumanining barcha hududlaridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan iborat terma jamoalar o‘zaro kuch sinashdilar.

Avvalo shuni alohida qayd etish kerakki, musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan jamoalar a’zolari musobaqa shartlari va mazkur musobaqani o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan Nizom bilan oldindan tanishishlari uchun sharoit yaratildi. Unga ko‘ra, ovul va mahallalarda voleybol sportiga qiziquvchi o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilib, musobaqaga puxta hozirlik ko‘rildi. Shu asosda har bir ovul va mahalla sharafini, Amudaryo tumani sharafini himoya qilishga qodir yoshlardan iborat jamoalar shakllantirildi.

Do‘stona va qizg‘in bahslar bilan o‘tgan musobaqalarning tuman bosqichi yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda Toshyop ovul fuqarolar yig‘ini terma jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladilar.

Qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar ham nihoyatda qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Har bir jamoaning o‘ziga xos o‘yin uslublari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi va musobaqa yakunida 28-sonli umumta’lim maktabi voleybolchi qizlar jamoasi 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

G‘olib jamoalar musobaqa tashkilotchilari tomonidan rag‘batlantirilib, Ichki ishlar Vaziri kubogi musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmalar berildi.

Ayni kunda ikkala g‘olib jamoa a’zolari ham musobaqaning navbatdagi bosqichiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA