“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zarur uskunalar olib berildi

Туман янгиликлари

“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari” deya nomlangan ijtimoiy himoya daftarlari hayotga tatbiq etilishi bilan ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin­-qizlar va yoshlar turmush tarzida tub o‘zgarishlar yuz berganiga barchamiz guvohmiz.

Amudaryo tumanida ham yoshlar manfaatini himoya qilish, orzu-umidlari, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni tadbirkorlikka o‘rgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali bandligini ta’minlashga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda.

8 iyul kuni tuman hokimligi binosi oldida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 47 nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga ko‘maklashish maqsadida kasbiy ko‘nikma va malakasiga qarab xarid qilingan asbob-uskunalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayev, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailovlar ham ishtirok etishdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar, ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Yoshlarni o‘z ustida ko‘proq ishlashi, tanlagan kasbini puxta egallab Vatanimiz koriga yaraydigan munosib farzand bo‘lishlari lozimligini ta’kidladi.

3-sektor rahbari – tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov o‘z kasbi uchun zaruriy asbob-uskuna egalari bo‘layotgan yoshlarni tabrikladi. Kelajakda ushbu asbsob-uskunalar ularning yaxshi kunlarida xizmat qilishini aytib kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning ish bilan bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning muammolarini hal etish borasida belgilangan chora-tadbir, ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayev “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar, ko‘plab yoshlarning o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida ish yuritib, oilasi farovonligiga hissa qo‘shayotganligini e’tirof etdi.

Tadbirda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yoshlar tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limiga o‘zlariga ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordamlar uchun minnatdorlik bildirishib, bundan keyin samarali faoliyat yuritajaklarini va albatta, Vatanimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz turmushining yanada farovon bo‘lishiga hissa qo‘shishlarini aytib o‘tdilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.