USTOZLAR MILLIY FORUMI BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz maktab oʻquvchilarining bilimi va koʻnikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oʻqituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini yaxshilash, darsliklar va oʻquv metodik majmualarni bugungi kun talablari asosida takomillashtirishga xizmat qiluvchi 2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan Milliy dastur sohada ulkan ijobiy oʻzgarishlar yasalishiga zamin boʻlayotir.

Bu haqda 21-avgust kuni Amudaryo tumanidagi 76-sonli maktabda boʻlib oʻtgan Ustozlar milliy forumida batafsil soʻz bordi.

Bugungi kunda oʻqituvchilarning nufuzi oshirish, taʼlim sifatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli islohotlar tumanimizda ham oʻzining ijobiy samaralarini berayotgani quvonarli. Shunday sharoitda “Sifatli taʼlim – kuchli jamiyat” shiori ostida tumanda oʻtkazilgan ikkinchi Ustozlar milliy forumi yangi oʻquv yili oldidan xalq taʼlimi xodimlari uchun oldda turgan dolzarb vazifalarni belgilab olish uchun oʻziga xos minbar boʻldi, deyish mumkin.

Aytish joizki maktablarni muqaddas dargohga aylantiradigan kuch ustozlar fidoyi mehnati, mahoratidir. Mazkur forum tumanimizda faoliyat yuritayotgan 4000 nafardan ortiq oʻqituvchi, 700 nafarga yaqin maktabgacha taʼlim tashkilotlarida mehnat qilayotgan tarbiyachilar uchun tajriba almashish, yangi bilimlarni egallashiga sharoit yaratdi.

Ikkinchi marta oʻtkazilayotgan Ustozlar milliy forumini tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish shoʻbasi mudiri Ibragim Rajabov ochdi va forum ishtirokchilarini yaqinlashayotgan yangi oʻquv yili bilan qutladi. Shuningdek, 2023-2024 oʻquv yilida taʼlim sohasida joriy etilayotgan yangiliklar haqida batafsil gapirdi va milliy forumda muhokama etiladigan masalalar, oʻzaro tajriba almashuvlar boshlanayotgan oʻquv yili sifatli va samarali boʻlishiga poydevor boʻlishini taʼkidladi.

Ikki smenada tashkil etilgan forumda tumanimizdagi maktablar direktorlari, oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda 12ta fan oʻqituvchilari ishtirok etishdi. Har bir fandan trener oʻqituvchilar tomonidan 2023-2024 oʻquv yilida joriy etilayotgan yangiliklar, jumladan, mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi, oʻquvchilarda XXI asr koʻnikmalarini rivojlantirish, loyihaga asoslangan taʼlim mavzulari boʻyicha trening mashgʻulotlari oʻtkazildi va yangi oʻquv yili oʻquv rejasi va darsliklar haqida maʼlumotlar berildi.

Shuni eʼtirof etish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2022-yil oktyabr oyida eʼlon qilingan “Milliy reyting – 2021” natijalariga koʻra, tumanimiz Qoraqalpogʻiston Respublikasida 7 oʻrinni egallagan. Albatta yomon koʻrsatkich emas.

Biroq tumanda bu koʻrsatkichni yaxshilash uchun kadrlar, pedagoglarning salohiyati yetarli. Maktablar quvvati 32 ming 635 oʻrinli. Taʼlim olayotgan oʻquvchilar esa 38 ming 476 nafarni tashkil etadi. 4064 nafar oʻqituvchilarning 3798 nafari oliy maʼlumotli, 282 nafari oliy toifali, 284 nafari xalqaro va milliy sertifikatga ega ekanligi bu fikrimizni aniq dalillaydi.

Oʻtgan oʻquv yilida 81 nafar oʻquvchilarning turli xalqaro va milliy sertifikatlar olishga erishgani – darslar samaradorligiga erishish, iqtidorli oʻquvchilarni oʻqitishga ijodiy yondoshish davr taqozosi ekanligini koʻrsatadi.

Boʻlib oʻtgan Ustozlar milliy forumida bular atroflicha muhokama qilindi, taʼlim sifatini oshirish yuzasidan chora- tadbirlar belgilandi.

Oygul RAJABOVA.