INTILUVCHAN TADBIRKOR

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda bugungi kunda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va imtiyozlar Amudaryo tumanidagi «Tamara Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Tamara Yusupova kabi aniq maqsadi tomon dadil intilayotgan faol ayollarga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

Asl tadbirkor kishilar doimo o‘z ishbilarmonligi bilan farovonlikka erishgan. Faqat o‘zlarinigina emas, balki el-yurt taraqqiyotiga va farovonligiga hissa qo‘shayotgan insonlar safi kengayib borayotgani yanada quvonarli.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamon odamlardan davr bilan hamnafas bo‘lishni, tengma-teng qadam tashlash uchun doim izlanishni, o‘qib-o‘rganishni talab qilmoqda. Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor ayol – Amudaryo tumanining Qilichboy ovulida tug‘ilib-o‘sgan, ayni kunda tikuvchilik sohasida katta biznesiga ega Tamara Yusupovadir. U 2009 yilda tikuvchilik bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Shijoatli, ilg‘or, qadamidan o‘t chaqnaydigan ayollarni ko‘rsam, To‘maris avlodi ekanligimizdan g‘ururlanaman. Tamara Yusupova bilan tanishganim sayin yuqoridagi fikr xayolimga keladi.

Davlatmiz rahbarining ayollar tadbirkorligi va ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etayotgan imkoniyatlaridan ilhomlanib, tumanimizda tikuvchilik sexi ochgan Tamara Yusupovaning amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishish jarayonida ayolning ishbilarmon bo‘lishi jamiyatning rivoji uchun qanchalik muhim rol o‘ynashiga yana bir karra amin bo‘ldik.

Mamlakatimizda olib borilayotgan o‘zgarishlardan ilhomlanib yurt ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shish istagida tadbirkor dastlab 3 mln. so‘m, keyinchalik 40 mln. So‘mlik bank kreditlari evaziga faoliyatini boshladi.

Tadbirkor ayol kredit evaziga olingan mablag‘ga turli tikuv mashinalari, dazmol stollari, tikuv sexi uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskunalar sotib olib, ish faoliyatini muntazam ravishda kengaytirib bordi.

Ishga astoydil bel bog‘lagan qahramonimiz ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlab, ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Bugungi kunda esa buyurtmalar asosida ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlarini sifatli va hamyonbop narxlarda tayyorlab, xaridorlarga yetkazib bermoqda.

Mazkur korxona tomonidan 2019-2021 yillarda jami 671,8 million so‘mlik, jumladan, 2019 yilda 134,8 million, 2020 yilda 217 million, 2021 yilda 320 million so‘mlik kiyim-kechak mahsuloti ishlab chiqarildi. Uning ishni to‘g‘ri tashkil etishi natijasida korxona tomonidan keyingi uch yilda 874,8 million so‘m daromad olinib, 203 million so‘m sof foyda olishga erishildi. 2019-2021 yillar mobaynida korxonada ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirish, kengaytirish evaziga 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

U respublika miqyosida o‘tkaziladigan turli tadbir va ko‘rik-tanlovlarda faol qatnashib keladi. Jumladan, 2009 yilda Toshkent shaxrida o‘tkazilgan «Qo‘li guldir o‘zbek ayolin» nomli ko‘rgazmasida, 2012 yilda «Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!» tadbirida mamlakatimiz ravnaqiga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan «Tashakkurnoma» bilan taqdirlandi.

2021 yilning noyabr oyida esa «Eng yaxshi ish beruvchi tadbirkor ayol» ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tamara Yusupova o‘zining yangiliklarga intilishi va ish tajribasi bilan har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etib, bir necha marta g‘oliblar safidan joy oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilning 17 avgustdagi farmoyishiga binoan, milliy iqtisodiyotimizni barqaror yuksaltirish, yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi katta xizmatlari, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasi, shuningdek, biznesda erishayotgan amaliy natijalari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishiroki uchun Tamara Yusupova “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.                                                                                         

Tadbirkor Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashi deputati sifatida ham faol ish olib bormoqda.

Tamara Yusupovaning faoliyatini birgina maqolaga sig‘dirish juda qiyin. Uningdek tashabbuskor, tadbirkor ayollar safi kengayib, mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovonligi bundanda yuksalaverishiga tilakdoshmiz!

Tuman hokimligining Axborot xizmati