MUSTAQILLIKNING 32 YILLIGIGA MUNOSIB TAYYORGARLIK KOʻRILMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz o‘zining davlat mustaqilligiga erishgani va mustaqil taraqqiyot yo‘lidan odimlay boshlaganiga 32 yil to‘ldi. Bugungi kunda barcha sohalar rivoji yo‘lida bir tan, bir jon bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli xalqimiz hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlarning mohiyatini, qadrini chuqur anglaydi. Inson sha’ni, qadr-qimmati yuksak tutilib, yurtimizning har bir fuqarosi munosib turmush sharoitida yashashiga erishish borasidagi sa’y-harakatlarni yuksak qadrlaydi, aynan mustaqillik tufayli odamlarning yaxshi yashashi, munosib turmush darajasiga erishishi uchun imkon berilganini chuqur his qiladi.

Shu boisdan ham har yili davlatimiz mustaqillikka erishgan qutlug‘ sana – 1 sentyabr yurtimizda  keng tantana qilinadi. Bayram arafasida barcha hududlar obodonlashtirilib, tartibga keltiriladi, istiqlolimizning mazmun-mohiyatini, qadrini, bugungi kunda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning ahamiyatini targ‘ib etuvchi turli ma’naviy-ma’rifiy  tadbirlar, xalq sayillari, ommaviy ko‘ngilochar tomoshalar o‘tkaziladi.

Ayni kunlarda tumanimizda ham mustaqillikning 32 yilligini munosib tarzda nishonlash maqsadida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2023 yil 2 avgust kungi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilgan Farmoyishi asosida Amudaryo tumani hokimligining maxsus qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq tumanimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tuman komissiyasi tarkibi tasdiqlandi va amalga oshiriladigan ishlar rejasi ishlab chiqilib, bu bo‘yicha komissiyaning barcha a’zolariga tegishli topshiriqlar berildi.

Qarorga ko‘ra, tumanimizda “Mahalladan – xonadongacha” tamoyili asosida “Obodonlashtirish oyligi” o‘tkazilmoqda. Bunda barcha hududlardagi ovul, mahallalar, xonadonlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘llarni tekislash, daraxtlarga shakl berish, yo‘l bo‘ylarini tozalash ishlari boshlab yuborildi. Bunday harakatlarda yoshi ulug‘ nuroniylar yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ibrat bo‘lishayapti. Hududlardagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari xonadonlarga ham kirib borishi uchun bayram oldidan “Obod xonadon” dasturi ishlab chiqilib, har bir xonadonning ko‘kalamzorlashtirilishi  bilan bir qatorda oilada sog‘lom turmush tarzi barqarorligi, xonadonda istiqomat qiluvchilarning sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi, chor-atrofni ozoda, saranjom-sarishta tutishi, shuningdek, suv, elektr energiyasi, tabiiy gazdan tejab-tergab foydalanishiga qarab, namunalilari rag‘batlantiriladi.

Har bir ovul, mahalla, shaharcha fuqarolar yig‘inlarida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yildi.

O‘tkazilayotgan tadbirlarda “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” hayotiy shiorining mohiyati aholiga keng targ‘ib etilmoqda. Shuningdek, tumanimiz markazida mustaqillikning 32 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan ulkan bayram tantanasiga tayyorgarlik boshlanib ketdi. Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan ssenariy asosidagi teatrlashtirilgan ulkan tomoshada tumanimiz aholisiga mamlakatimizning o‘ttiz ikki yil davomida bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, barcha sohalarda erishilgan natijalar ifoda etib beriladi va ular dilrabo kuy-qo‘shiqlar tinglab, xalq o‘yinlarini tomosha qilib, madaniy hordiq oladilar.

Yangi O‘zbekiston tarixidagi qutlug‘ sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramini munosib nishonlash maqsadida tumanimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar aholining ayni kundagi kayfiyatiga juda mos. Boisi mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarda, yangilanish, bunyodkorliklarda tumanimiz xalqining ham munosib hissasi bor. Ular taraqqiyot, farovonlik asosi aynan istiqlol ekanligini chuqur anglaydilar va qadrlaydilar. Shuning uchun ham eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqillik kunini munosib qarshi oladilar.

Oygul RAJABOVA.